11:45 / 20.07.2020
16098

Prezident kislorod konsentratorlarini O‘zbekistonga olib kelish uchun maxsus samolyot ajratish haqida ko‘rsatma berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20 iyul kuni erta tongda o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlar chuqur tanqidiy tahlil qilindi.

Yig‘ilishda pandemiya davrida har bir bemorni davolash uchun kislorodga ehtiyoj keskin ortishi qayd etildi. Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya markazi, Toshkent shaxar 1-son klinik shifoxonasi, Respublika birinchi va ikkinchi son klinik kasalxonasida hamda barcha yangi ochilayotgan «provizor» shifoxonalarida 1 000dan ortiq kislorod o‘tkazadigan nuqtalar sonini ko‘paytirish zarurligi ta'kidlandi.

Toshkent shahri xokimligi, Ichki ishlar vazirligi hamda har bir tuman hokimi o‘z hududida joylashgan tibbiyot muassasalarini doimiy asosda kislorod bilan to‘ldirib borishga shaxsan mas'ulligi belgilandi.

«Chet davlatlarda o‘pka yallig‘langan har bir bemor uchun zudlik bilan kislorod konsentratorlariga maxsus niqoblar kiygizish orqali havo olishini yengillashtirib, qo‘liga pulsoksimetr taqilmoqda va bu bilan bemorning nafas yetishmovchiligi bartaraf qilinmoqda. Bosh vazirga mazkur tibbiyot jihozlarini imkon qadar qisqa muddatlarda mamlakatimizga yetkazish topshirig‘i berildi.

Buning uchun, agar kerak bo‘lsa, maxsus samolyot ajratilishi, tadbirkorlar tomonidan kislorod konsentratorlarini O‘zbekistonga olib kirish tartib-taomillarini yengillashtirish choralari ko‘rilishi lozimligi qayd etildi», deyiladi xabarda.

Bemorlarni davolash uchun zarur dori-darmon vositalari zaxiralarini yaratish maqsadida qo‘shimcha ravishda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari tegishlicha 20 milliard va 10 milliard so‘m mablag‘larni «Dori-darmon» aksionerlik kompaniyasiga aylanma mablag‘ sifatida ajratishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 16 iyul kuni bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga bag‘ishlangan shoshilinch yig‘ilishda import qilinadigan kislorod konsentratlari bojxona bojidan ozod etish bo‘yicha qaror qabul qilingandi.

Top