17:58 / 21.07.2020
28289

Shifokor: Shuncha yil ishlab, bunchalik ko‘p najot istab tikilgan ko‘zlarni ko‘rmaganman

Pandemiya tibbiyot tizimini murakkab ahvolga tushirib qo‘ydi. Shifokorlar, ayniqsa tez tibbiy yordam brigadalari va tor mutaxassislar yetishmayapti. Ana shunday paytda yurtdoshimiz bo‘lgan shifokorning bir tashabbusi diqqatimizni tortdi.

– Birinchi 14 kunlik xizmatimizga davlat tomonidan va'da qilingan 25 mln so‘m to‘lab berildi. Qattiq charchadim va uyimga ketdim. Ozroq dam olib, o‘zimga kelishim bilan yuragim bezovta bo‘la boshladi, – deydi Kun.uz bilan suhbatda o‘z ismini oshkor qilishni istamagan shifokor.

Chunki oxirgi bir necha kun ichida vaziyat keskin yomonlasha bordi, bemorlar soni ortdi, hamkasblarimiz ulgurmay qola boshladilar. Shunda yana ishga qaytishga qaror qildim.

– Ko‘pchilik shifokorlar katta maoshlarga ham qaramay bu sohada ishlashdan cho‘chishmoqda. Siz uzluksiz ishlashga tayyorman, deyapsiz.

– Gaplarim balandparvoz tuyilmasin, lekin davlatimiz imkoniyatlari cheklanib qolsa, oxirigacha haq olmay ishlashga ham tayyorman. Lekin umid qilamanki, tizimimiz bunday murakkab vaziyatga tushib qolmaydi.

Albatta, maosh olishim, oilam budjetiga hissa qo‘shishim kerak. O‘zimning rejam 14 kunlikdan keyingi dam olish kunlarimda ham imkon qadar ishga chiqmoqchiman va shu bilan kasallikka qarshi kurashda o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Ota-onam butun umr xalq xizmatini qilib o‘tishgan. Biz uchun bugun sinovli kunlar bugun keldi shekilli, shunday paytda foydam tegayotganidan xursandman.

– Umuman, shifoxonalarda vaziyat qanday?

– Yuklama uch barobargacha oshgan, og‘ir ahvoldagi bemorlar juda ko‘p. Shuncha yil ishlab, shuncha joyda yurib, bunchalik ko‘p najot tilab tikilgan ko‘zlarni ko‘rmaganman. O‘zimning ham yaqin qarindoshlarim shu kasallikka chalinishdi.

Tizimni tanqid qilib, shifokorlarni yomonlab o‘tiradigan vaqt emas hozir. Shu o‘rinda hamma hamkasblarimni ham sabr-bardoshga chaqiraman, har bir bemorni o‘z yaqinlaridek qabul qilib davolashlarini xohlardim, balki shu bilan o‘tgan yillarda shifokorlarning ma'lum ma'noda to‘kilgan obro‘sini ham tiklashga yordam bergan bo‘lardilar.

Yurtdoshlarimiz esa nihoyatda ehtiyot bo‘lishlari shart!

Top