13:08 / 22.07.2020
47339

Bu yilgi eng yosh abituriyent 13 yosh, eng kattasi esa 95 yoshda

 2020/21 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasasining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarida tahsil olish uchun hujjat topshirganlar ichida 13 hamda 95 yoshli abituriyentlar ham bor.

Foto: KUN.UZ

Bu haqda bugun, 22 iyul kuni Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

 DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabovning aytishicha, bu yil O‘zbekiston bo‘yicha 91 ta oliy ta'lim muassasacida o‘qish uchun 1 million 484 ming 85 abituriyent hujjat topshirgan (2019 yilda 1 million 66 ming 926). Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 417 ming 159 nafarga yoki 39,1 foizga ko‘p.

Rajabovning qo‘shimcha qilishicha, qabul komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olish jarayonlarida 13 yoshdan 95 yoshgacha bo‘lgan abituriyentlar ham qayd etilgan. Jumladan, eng yosh abituriyent 13 yosh (14 yoshga to‘lmagan) va eng yoshi katta abituriyent 95 yosh hisoblanadi.

Davlat test markazi axborot xizmati rahbari Orziqul Boboyevning Kun.uz muxbiriga ma'lumot berishicha, 14 yoshga to‘lmagan abituriyent Toshkent shahridan va 95 yoshli abituriyent esa Samarqand viloyatidan talabgor sifatida qatnashmoqda (iqtisodiyot yo‘nalishi uchun).

Ma'lumot uchun, o‘tgan yili oliy ta'lim muassasasiga kirish imtihonini topshirgan eng yoshi ulug‘ abituriyentlardan biri Mamatqul Berdialiyev bo‘lgani aytilgandi. U Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filialiga o‘qishga kirish uchun test topshirgan va 42,1 ball bilan «yiqilgan».

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top