11:45 / 22.07.2020
34204

Putin xalq ishonchini qozongan Furgalni «ishonchni yo‘qotgani» uchun ishdan oldi - uning istagi xalq xohishidan ustunmi?

2018 yilda Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasi gubernatorligiga o‘tkazilgan mahalliy saylovlarda 70 foizga yaqin ovoz to‘plab saylangan Sergey Furgal 10 iyul kuni 15 yil oldingi qotilliklarda ayblanib, hibsga olingandi. Bu esa o‘lkada kuchli noroziliklarni keltirib chiqardi.

Boz ustiga, RF prezidenti Vladimir Putin ham uni «ishonchni yo‘qotgani uchun» tamg‘asi ostida lavozimidan ozod etdi. Shunaqasi ham mumkinmi? Meduza bu borada eng ko‘p berilayotgan savollarga javob to‘plab chiqdi.

O‘zi nima bo‘ldi?

Vladimir Putin 2000-yillar o‘rtasida bir necha qotilliklarni uyushtirganlikda gumonlanib, hibsga olingan Xabarovsk o‘lkasi gubernatori Surgey Furgalni «ishonchni yo‘qotgani» munosabati bilan lavozimidan ozod etdi. RLDP a'zosi bo‘lmish Furgal umumxalq saylovlarida g‘olib chiqqandi: 2018 yilning 23 sentyabrida saylovlarning ikkinchi turida saylovchilarning qariyb 70 foizi uni qo‘llab ovoz bergan. U «hukumat nomzodi» — o‘lkaning amaldagi gubernatori, «Yedinaya Rossiya» partiyasi a'zosi Vyacheslav Shportni yenggandi.

Qariyb ikki haftadan buyon Xabarovskda mahalliy aholi tomonidan hibsga olingan Furgal himoyasiga norozilik aksiyalari o‘tkazilmoqda.

Xabarovsk Foto: Reuters

Prezident saylangan gubernatorni ishdan ololadimi?

Ha. Furgalgacha Putin va Medvedev (u ham prezidentligida) umumiy hisobda 11 gubernatorni ishdan olishgan. «RF sub'yektlaridagi qonun chiqaruvchi (vakillik) va ijro etuvchi davlat hokimiyati organlarini tashkil etishning umumiy prinsiplari to‘g‘risida»gi federal qonunning 19-moddasiga ko‘ra davlat rahbariga shunday huquq berilgan. Faqat ma'lum bir holatlarda — vazifalarini munosib tarzda (sidqidildan) bajarmaganida yoki ishonchni yo‘qotganda. «Vazifalarini munosib tarzda bajarmaganlik» nima ekaniga qonunda oydinlik kiritilmagan, lekin «ishonchni yo‘qotganlik» nimaligi tushuntirilgan. Unga ko‘ra:

  • korrupsiya faktlari aniqlanishi;
  • manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanishi;
  • bo‘lajak gubernator ro‘yxatga olingan nomzod bo‘lgan davrdan boshlab xorijiy banklarda hisob-raqami bo‘lishi va xorijiy qimmatbaho qog‘ozlarga egalik qilishi;

Furgalning nolinchi yillarda uyushgan jinoiy guruhga a'zolik va bir necha tadbirkorning o‘ldirilishiga aloqadorlikda ayblashmoqda. Bu esa yuqorida sanab o‘tilganlardan birortasiga to‘g‘ri kelmaydi.

Demak, Putin Furgalni ishdan olishga haqi bo‘lmagan?

Bilmadik. Birinchidan, tergovchilar Furgal yana qandaydir og‘ir jinoyatlar, ehtimol korrupsiyaga doir biror xatti-harakatlarni amalga oshirganini tekshirishayotganini aytgan. Eng asosiysi, qonunda korrupsiya faktlari va manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanishi nima ekanligiga aniqlik kiritilmagan. Gap sud qarori yo ayblov e'lon qilish haqida bormoqdami, yoki birgina gumonning o‘zi yetarlimi (shuningdek, xorijdagi mulklarga egalik qilish faktini qaysi instansiya o‘rnatishi kerakligiga oydinlik kiritilmagan. Bu «fakt»lar qaysi hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerakligini hattoki yuristlar ham yaxshi tushunishmaydi.

Qizig‘i shundaki, 2012 yilgacha prezident gubernatorlarni hech qanday asoslarsiz «ishonchni yo‘qotdi» deb ishdan olishi mumkin edi (chunki qator yillar davomida uning o‘zi ularni tayinlab kelardi), faqat hududlar rahbarlarini umumxalq saylovlari orqali tayinlash qaytganidan so‘ng bu huquqni biroz toraytirishdi.

Amalda bularning barisi prezident vakolatiga mutlaqo ta'sir qilmaydi va o‘z qarorini tushuntirib berishga majburlamaydi. Aynan shuning uchun lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi farmonning o‘zi prezidentning «hudud rahbariga ishonchi yo‘qolgani» faktining konstatatsiyasi bo‘ladi. Furgalning iste'fosi ham shular jumlasidan.

Foto: Valeriy Sharifulin/TASS

Ya'ni, Putin hech qachon gubernatorlarni ishdan olish borasidagi qarorini asoslantirmagan?

Putin faqat eng birinchi marta «ishonchni yo‘qotganlik» vaji bilan gubernatorni ishdan olganida o‘zining harakatlarini batafsil tushuntirib bergandi. 2005 yilda Koryak avtonom okrugi rahbari Vladimir Loginovni lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi farmonda bir qator aholi punktlariga yoqilg‘i yetkazish o‘z vaqtida amalga oshirilmagani sababli u yerdagi isitish tizimlarining ishdan chiqishi, bu harakatlar fuqarolarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgani asos qilib ko‘rsatilgan. O‘sha farmonda bir vaqtning o‘zida «ishonchni yo‘qotish» va o‘z vazifasini sidqidildan bajarmaganligi bir vaqtda tilga olingan.

Keyinchalik na Putin, na Medvedev kadrlarga oid qarorlarini izohlagan. Lekin qoida tariqasida bungacha hududlar rahbarlariga korrupsiya ayblovi yoki shunga o‘xshash mansabni suiiste'mol qilish bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. Furgal qotillik tashkillashtirishda ayblanishi tufayli iste'foga chiqarilishi istisno bo‘lib turibdi.

Furgal prezidentning harakatlari ustidan sudga murojaat qilishi mumkinmi?

Nazariy jihatdan, ha. Chuvashistonning Putin tomonidan «ishonchni yo‘qotganlik» vaji bilan 2020 yil yanvar oyi oxirida ishdan olingan sobiq rahbari Mixail Ignatev prezidentning qarori ostidan Oliy sudga arz qilgandi. Da'vo arizasida nimalar yozilgani noma'lum, lekin Ignatevning sobiq matbuot kotibi Mixail Vansyatskiyning taxmin qilishicha, Ignatevga «ishonchni yo‘qotganlik» jumlasi yoqmagan, chunki bu korrupsiyada gumon qilishni nazarda tutadi, lekin bunday ayblov e'lon qilinmagan. 18 iyun kuni Ignatev koronavirusdan o‘ldi, oradan bir necha hafta o‘tib, Oliy sud uning vafoti sabab ishni ko‘rib chiqishni to‘xtatdi.

Furgal ham prezident ustidan da'vo arizasi kiritishi mumkin. Ayrim yuristlar o‘lka gubernatorining lavozimidan chetlashtirishi bilan bog‘liq ushbu jarayon bir necha asosiy huquqiy prinsiplarga zid deb hisoblashmoqda. Prezidentning fikri saylovchilarning to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyon etilgan irodasidan muhimroq ekanligi oydinlashmoqda. Federal markaz aniq yozib qo‘yilmagan asoslarsiz hududlarning ishiga bevosita aralashmoqda, boz ustiga bu ishni qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat fikrini hisobga olmasdan bir inson amalga oshirmoqda. Nihoyat, prezident tomonidan aybsizlik prezumpsiyasiga rioya etilmayapti: insonning aybi sud tomonidan tasdiqlanmasdan turib, u lavozimidan ozod etish bilan jazolanmoqda.

Modomiki gubernator og‘ir jinoyatda gumonlanayotgan ekan, uning hokimiyatdan chetlashtirilishi mantiqli emasmi?

Aytish qiyin. Jahondagi ko‘plab federativ davlatlarda markaziy hokimiyatda hududlarning saylangan rahbarlarini o‘zboshimchalik bilan ishdan chetlashtirish huquqi yo‘q. Buni mahalliy parlamentlar amalga oshirishi mumkin. Rossiyada ham qonunchilik kengashlari shunday huquqqa ega, lekin boshqa holatlarda:

  • o‘sha — yuklatilgan vazifani sidqidildan ijro etmaslik;
  • konstitutsiya, federal va mahalliy qonunlarga zid keluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni imzolash (boz ustiga, prezident tayanadigan korrupsiya «faktlarining aniqlanishi»dan farqli o‘laroq, bu yerda sud qarori ham kerak bo‘ladi»;
  • fuqarolarning huquq va erkinliklariga ommaviy raxna solgan boshqa «qo‘pol qonunbuzilishlari» (bu ham sud tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak).

Bu holatlarning har birida gubernatorni iste'foga chiqarish uchun deputatlarning kamida uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak.

Aslida, qonunda bir tomondan og‘ir jinoyatda ayblanayotgan gubernatorni lavozimidan chetlatishga izn beruvchi, boshqa tomondan, buni hali isbotlanmagan narsa uchun jazo sifatida ko‘rsatmaydigan tartib bor. Bosh prokuror taqdimnomasiga ko‘ra, prezident hudud rahbarini vaqtinchalik ishdan chetlatadi – tabiiyki, tergov ketayotgan davrda. Bunday imkoniyatdan Putin faqat bir marta foydalangan: 2006 yilda u Nenets avtonom okrugi rahbari Aleksandr Barinovni vaqtincha lavozimdan chetlatgan. Keyinchalik prezident uni «ishonchni yo‘qotganlik» vaji bilan butunlay ishdan olgan.

Eslatib o‘tish joiz, Gubernatorlikka yangi saylangan Surgey Furgal Putinning 2018 yil dekabr oyida Uzoq Sharq federal okrugining poytaxtini Xabarovskdan Vladivostokka ko‘chirish qaroriga ham qarshi chiqqan edi.

Xabarovskda Furgalning hibsga olinishidan noroziligini qator kunlardan buyon bildirib kelayotgan xabarovskliklar Vladimir Putinning farmoyishiga ko‘ra, RLDP a'zosi Mixail Degtyaryov Xabarovsk o‘lkasi gubernatorligini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanganidan so‘ng yana junbishga kelishdi.

Foto: Vyacheslav Reutov / Xabarovsk o‘lkasi administratsiyasi

Mixail Degtyaryov 21 iyul kuni Xabarovskka uchib kelgan. U darhol Xabarovsk o‘lkasi hukumati binosiga yo‘l olgan. Namoyishchilar uning omma oldiga chiqishini talab qilgan, lekin Degtyaryov ular oldiga chiqmagan. 

Mavzuga oid
Top