20:37 / 23.07.2020
16924

Kislorod konsentratorlari atrofidagi mashmashalar: uni ishlatishda nimalardan ehtiyot bo‘lish kerak?

Yurtimizda koronavirus infeksiyasi yana avj olgach, COVID-19 kasalligiga yo‘liqqan ko‘plab insonlarda nafas yetishmovchiligi muammosi kuzatilmoqda. Odamlar ko‘pchiligi umrida nomini eshitmagan pulsoksimetr, kislorod konsentratori degan matohlarning nimaligini bilib olishdi.

Foto: hamyarsalamat.com

Pulsoksimetr — qonning kislorod bilan to‘yinganlik darajasi (saturatsiyasi)ni ko‘rsatadigan asbob bo‘lsa, kislorod konsentratori xona ichidagi havodan kislorodni to‘plab beruvchi moslamadir.

O‘tgan haftada Smartgov Consulting kompaniyasi ijrochi direktori, iqtisodchi Aziza Umarova o‘z blogida O‘zbekistonga zudlik bilan kislorod konsentratorlari olib kirilishi kerakligiga jamoatchilik e'tiborini qaratgan edi.

Ayni paytda juda ko‘pchilik kislorod konsentratorini xarid qilish uchun izlab yuribdi. Hattoki bu moslama haqida prezident ham gapirdi. Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda hukumat rahbariga topshiriqlar berildi, zarurat bo‘lsa, maxsus samolyot ajratilishi, tadbirkorlar tomonidan kislorod konsentratorlarini O‘zbekistonga olib kirish tartib-taomillarini yengillashtirish choralari ko‘rilishi lozimligi qayd etildi.

Birin-ketin shifoxonalar ham bu moslama bilan jihozlanishi boshlandi. Hajmi 5 litrlik shunday konsentratorlarning narxi xorijdagi onlayn do‘konlarda 300 AQSh dollari atrofida bo‘la turib, Buxoroda ularning 50 donasi har biri 12 million so‘mdan tibbiyot birlashmalariga berilgani ham ijtimoiy tarmoqda katta noroziliklar va e'tirozlar keltirib chiqardi.

Bir tomondan, hozirda O‘zbekistonda bu moslama narxi 1000 AQSh dollaridan kam emasligi ham haqiqat.

Qolaversa, kislorod konsentratorini ishlatishning ham o‘ziga xos yo‘l-yo‘riqlari bor. Bu muammoga bizdan qariyb ikki hafta avvalroq duch kelgan Qirg‘iziston vrachlarining «Feysbuk»dagi guruhida konsentratorlardan foydalanishdagi ayrim ehtiyot shartlar sanab o‘tilgan.

Apparatning o‘zi elektr tarmog‘iga ulanadi, shundan so‘ng shlang bo‘ylab suv orqali o‘tib, nafas yo‘llariga kislorod oqimi yo‘naltiriladi.

Ammo undan foydalanishni maqsad qilganlar quyidagilarni bilishi va unutmasligi kerak:

  • Ishlab turgan apparatning o‘zi (derazalari) yopiq xonada kislorodga muhtoj odam bilan qoldirilmasligi kerak! Bu bo‘g‘ilishga olib keladi. Chunki apparat o‘sha yopiq bo‘shliqdagi barcha kislorodni so‘rib oladi.
  • Yo konsentrator bloki boshqa xonaga chiqarilishi kerak, yoki bemor hamda kislorod konesentratori turgan xonaning derazalari ochib qo‘yilishi kerak.
  • Nafas olish faqat burun yordamida bajarilishi kerak (agar kislorod beruvchi kanyulya burunga tiqilgan bo‘lsa).
  • Nafas olish va chiqarishda gaplashmaslik kerak.
  • O‘pkaning faqat yuqori qismi emas, u to‘lig‘icha ishlashi uchun juda chuqur ham, juda tez-tez ham nafas olmaslik kerak.
  • Saturatsiya nazorat ostida bo‘lishi kerak. U faqat 100 foiz bo‘lishi kerak emas! Kislorod — bu dori, agar u me'yordan ortiq bo‘lsa u zaharlashi mumkin va bu shundoq ham og‘ir ahvoldagi bemorning holatini battarlashtirishi mumkin… Ayrimlarda giperkaniya ro‘y berishi mumkin, bu esa juda xavfli!
  • Shuningdek, kislorod portlashga moyilligini ham unutmaslik kerak. Sigaret, gugurt, yog‘lar va boshqa yengil o‘t oluvchi moddalar bilan kontakt ro‘y berishining oldi olinishi kerak.
  • Konsentrator blokidan xonadagi havo qizib ketishi mumkin, buni ham yoz faslida inobatga olish zarur.
Mavzu
COVID-19: Foydali ma’lumotlar
COVID-19 profilaktikasi, simptomlari, davo choralari va mutaxassislar tavsiyalari
Barchasi
Top