08:07 / 23.07.2020
10316

Toshkentda 10 nafardan ortiq shaxs ishtirokida janjal yuz berdi. Ularni qo‘lga olish paytida pichoqlar va dorilar topildi

Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan hodisa haqida tezkor xabar berildi.

Joriy yilning 21 iyul kuni soat 14:30da 102 raqamiga Chilonzor tumanining 3-kvartalida yashovchi aholidan xabar kelib tushgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB ma'lum qilmoqda.

Xabarga ko‘ra, Cho‘ponota ko‘chasida ilgari AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi joylashgan binoning yaqinida o‘n nafardan ortiq yoshlar janjallashayotgani aniqlandi.

Hodisa joyiga Toshkent shahar IIBB PPX Brigadasi 4-bataloni xodimlari yetib kelishdi. Patrul avtomobilini ko‘rgan yoshlarning bir nechtasi qochib ketgan, yetti nafari esa qo‘lga olinib, eng yaqin ichki ishlar bo‘limiga olib kelindi. Qo‘lga olinganlardan biri – muqaddam sudlangan 28 yoshli E.Sh. tekshirilganda uning avtomobilining salonidan uchta pichoq, barsetkasidan esa 3 flakon “Tropikamid”, 1 flakon “Rinoksil”, 6 tabletka “Selofen” topildi.

Hozirda Chilonzor tumani IIO FMB 4-son ichki ishlar bo‘limi tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda. 

Tekshiruv davomida hodisaning boshqa ishtirokchilarining shaxslari aniqlanib, so‘ng barcha ishtirokchilarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi, deyiladi xabarda.

Top