11:37 / 24.07.2020
6287

Qonunchilik palatasi yuborgan parlament so‘roviga ichki ishlar vazirining javobi ko‘rib chiqildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida maxsus qabulxonani qurish ishlari 2019 yil may oyida yakuniga yetkazilgan bo‘lsa-da, obektni qabul qilish jarayonida bir qator kamchiliklar aniqlangan.

Foto: parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid dolzarb qonun loyihalari bilan bir qatorda, quyi palataning o‘tgan galgi majlislarida ayrim vazirlik va idoralarga yuborilgan parlament so‘rovlari yuzasidan kelgan javoblar ham ko‘rib chiqildi.  

Parlament saytida yozilishicha, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning “Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarning binolarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning holati to‘g‘risida”gi Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga javobi muhokama etildi.    

Qayd etilishicha, 2017 yil 9 yanvardagi “Ma'muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, unga ko‘ra, maxsus qabulxonalar binolarini qurish belgilangan edi.

Hozirgi kunda Toshkent shahri, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Toshkent, Qashqadaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan shunday maxsus qabulxonalar binolarini qurish ishlari yakunlangan bo‘lib, faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida maxsus qabulxonani qurish ishlari 2019 yil may oyida yakuniga yetkazilgan bo‘lsa-da, obektni qabul qilish jarayonida bir qator kamchiliklar aniqlangan.

Shuningdek, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida 2019 yilda qurilishi lozim bo‘lgan maxsus qabulxonalar 2019 yilda obektlar qurish va ularni rekonstruksiya qilish manzilli dasturida o‘z aksini topmaganligi va moliyalashtirilmaganligi sababli qurilish ishlari vaqtinchalik kechikkan.

Samarqand viloyatidagi maxsus qabulxonada qurilish ishlari joriy yil 25 iyul kuniga qadar yakunlanishi va obektni 1 avgust kuniga topshirish rejalashtirilgan.

Majlisda parlament so‘roviga yuborilgan javob ma'lumot uchun qabul qilindi, deyiladi xabarda. 

Top