10:47 / 25.07.2020
22646

AQSh koronavirusga qarshi dorining deyarli barcha zaxiralarini sotib oldi

AQSh koronavirus yuqtirib olgan bemorlarni davolash uchun ishlatilayotgan remdesivir dori vositasining dunyodagi 90 foiz zaxiralarini sotib oldi. Bu haqda prezident Donald Tramp bayonot berdi.

Foto: Reuters

Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, dori vositasi ajoyib ta'sirga ega, shu tufayli prezident ma'muriyati uning zaxiralari ustidan nazoratni ta'minladi. 

OAV xabarlariga qaraganda, AQSh remdesivirning 3 oylik zaxirasini shakllantirgan. Natijada, boshqa mamlakatlar yaqin vaqt ichida bu dorini yetarli darajada sotib ololmaydi.

Remdesivir ko‘plab mamlakatlarda, jumladan AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Isroil, Buyuk Britaniyada koronavirus yuqtirib olgan bemorlarni davolashda rasman ma'qullangan. Dori dastlab gepatit S va boshqa kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan edi.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh ilmiy xodimi Sumiya Svaminatan koronavirusga qarshi yagona umidli dori vositasi sifatida remdesivirni aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu dori bemorlarni shifoxonaga yotqizish holatlarini kamaytiradi.

May oyida AQSh Allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti olimlari remdesivir dorisi koronavirus yuqtirib olgan bemorlarning sog‘ayishini tezlashtirayotganini isbotlashdi.

Klinik sinovlarda 1063 nafar bemor ishtirok etdi. Tomiriga remdesivir yuborilgan bemorlar tezroq sog‘ayib ketishdi. O‘lim holatlari ham ancha kamayib, sinov guruhida 7,1 foizni tashkil qildi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top