22:17 / 25.07.2020
18194

Hukumatni tanqid qilayotgan qidiruvdagi firibgar 100dan ortiq shaxsni aldab ketgan

Toshkent shahrida mas'uliyati cheklangan jamiyat tashkil etib, unga norasmiy rahbarlik qilgan A.M. va uning sheriklari boshqalarni aldab, 1,7 million dollardan ko‘p mablag‘ni o‘zlashtirgan, deb xabar bermoqda Kun.uz manbasi.

IIV Tergov departamentining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, A.M. Toshkent shahar Yunusobod tumani 9-mavze, Quloqtepa ko‘chasi 1-uy 7-xonadonda joylashgan, faoliyat turiga ko‘ra «Tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish» hisoblangan «World Crypto Capital»MChJni tashkil etib, unga norasmiy rahbarlik qilgan.

U jamiyat tashkil topgan kundan to 11.12.2019 yilga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritishni maqsad qilib, tanishi A.M. va boshqalardan iborat bo‘lgan uyushgan guruhga birlashgan.

«A.M. uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror talablariga zid ravishda, kripto-aktivlar savdosi bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida shug‘ullanish uchun prezident huzuridagi «Loyiha boshqaruvi milliy agentligi»dan ruxsatnoma olmasdan turib, fuqarolarga ICG «International Consulting Group» platformasiga sarmoya kiritishini va shu orqali kiritgan mablag‘idan haftalik, oylik va yillik katta miqdordagi daromad olishga qiziqtirgan. U shu yo‘l bilan boshqalarning ishonchiga kirib, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi pullarni egallab, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanib kelganliklari aniqlangan», - deyiladi Tergov departamenti ma'lumotida.

Ayblanuvchi o‘z rejasini amalga oshirish uchun OAV va ijtimoiy mediada reklama tarqatadi. Unda kompaniya bitkoinlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishi ta'kidlangan. Shunday qilib, ICG «International Consulting Group» platformasiga sarmoya kiritgan fuqarolarga shaxsiy kabinet ajratilgan, ularning sarmoya va daromadlari elektron raqamda aks ettirilgan. Ammo firibgarning ishlari fosh etilgandan so‘ng, platforma ham yo‘qolgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur jinoyat ishi 2019 yil 23 dekabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan «World Crypto Capital» MChJ ta'sischilariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini davom ettirish uchun Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasiga yuborilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha hozirgi kunga kelib 110 ga yaqin fuqaro so‘roq qilinib, jabrlanuvchi va fuqaroviy da'vogar deb e'tirof etilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan A.M. va uning tanishi A.M. larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi «v» bandi va boshqa moddalar bilan sirtdan ayblov e'lon qilinib, «qamoqqa olish»tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanib, ularga nisbatan 2020 yil 12 martdan qidiruv e'lon qilingan.

Qidiruvdagi ayblanuvchining o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali 2019 yili o‘tkazilgan saylovda nomzod sifatida ishtirok etishdan umidvor bo‘lganini yozgan. Natijasiz yakunlangan siyosiy faollik keyinchalik jinoyat ishi ochilgandan so‘ng, O‘zbekiston hukumati va davlat boshqaruvini faol tanqid qilishga o‘zgardi.

Ma'lumot uchun, Kapital bozorni rivojlantirish agentligi bir necha ommaviy murojaatlar orqali aholini moliyaviy piramidalar tuzog‘iga tushib qolmaslikdan ogohlantirgan.

Top