03:01 / 26.07.2020
44592

«Biz uchun asosiysi - sha'nimizni himoya qilish»: Xabarovskdagi yirik namoyishda Putinning iste'fosi talab qilindi

25 iyul, shanba kuni Rossiya Federatsiyasining Xabarovsk shahrida o‘lkaning hibsga olingan gubernatori Sergey Furgal himoyasiga uchinchi yirik ommaviy norozilik namoyishi o‘tkazildi. Barcha nozorilik chiqishlarini qo‘shganda jami o‘tkazilgan aksiyalar 15taga yetdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Galdagi namoyish o‘tgan ikki hafta ichida uyushtirilgan eng yirigi bo‘ldi. Vaholanki, Xabarovsk merligi norozilar soni kundan kunga kamayib borayotgani ta'kidlamoqda.

20 iyul kuni Vladimir Putin Furgalni «ishonchni yo‘qotganlik» vaji bilan ishdan oldi va uning o‘rniga RLDPdan Davlat dumasi deputati Mixail Degtyaryovni vaqtinchalik gubernator etib tayinlagan edi.

Shu ondan boshlab xabarovskliklar nafaqat Furgal ustidan odilona sud, shuningdek prezidentning iste'fosini ham talab qilib chiqa boshlashdi. «Meduza» maxsus muxbiri federal hokimiyat ularni eshitishi uchun xabarovskliklar qanday kurashayotgani haqida hikoya qilib berdi.

Keti uzilmagan norozilik yurishi

25 iyul kuni roppa-rosa soat 12da Xabarovskdagi Lenin maydonida joylashgan hukumat binosi oldida bir necha ming kishi to‘plandi. Bu vaqtda hali hech nima ro‘y bermagan, odamlar shunchaki so‘nggi voqealarni muhokama etishayotgandi.

«Gubernatorimizni olib ketib, o‘rniga Moskvadan jo‘natishdi. U bu yerga nimaga kerak? — deydi gulchali somon shlyapa kiyib olgan 70 yoshlardagi ayol. — Dumbulni jo‘natishibdi. Moskvadagilar bizni umuman haligidaqa deb hisoblashsa kerak…»

Maydonda 10 daqiqacha to‘planib turib, odamlar to‘pi odatga ko‘ra markaziy Muravyov-Amur ko‘chasi tomon yo‘l soldi. Bu daf'a namoyishchilar yo‘lning barcha to‘rt qatorini ham egallashdi. Odamlar oqimi kelishda davom etardi.

Foto: Yevgeniy Pereverzev / Reuters
Foto: Anastasiya Yakoreva / «Meduza»

Tarkibiga ko‘ra yurish birinchi may namoyishini eslatardi — bu gal ko‘pchilik bolalarini ham olib kelibdi. Bolalar kolyaskasida «Men/Biz Sergey Furgal» yozuvlari, bolalarga shu yozuv tushirilgan futbolkalar kiydirilgan, qo‘llarida esa «Xayr, Misha» yozuvlari tushirilgan bayroqchalar yoki pufaklar.

Olomon «Xabarovskda odil sud», «Furgal bizning tanlovimiz», «Rossiya, uyg‘on», «Boshboshdoqlikka yo‘q» va «Xabarovsk, ko‘chaga chiq» deb baqirib borardi.

Seshanba kuni Degtyaryov tayinlanganidan so‘ng namoyishlarning bosh shiori «Degtyaryov, ket» bo‘lgan edi. Bugun uni kamroq eslashdi. Faqat vaqti-vaqti bilan «Degtyaryov, hammomga bor» deb baqirishdi. Aynan Degtyaryovga bag‘ishlangan plakatlar ham kamroq edi. Degtyaryovning o‘zi namoyishchilarning oldiga chiqmadi, 25 iyul kuni Xabarovskni tark etib, o‘lka bo‘ylab ishchi safarini boshladi.

Artyom ismli barabanchining aytishicha, u ataylab baraban sotib olgan. «Qarayapmanki, xalq ritmga amal qilmayapti, har tomondan baqirishyapti, bitta taktga tushmayapti». U «barabanini tortib olishguncha» namoyishlarda qatnashish niyatida ekanini aytdi.

Foto: Dmitriy Morgulis

Namoyish ayniqsa tik balandlik tufayli Turgenev ko‘chasidan yaxshi ko‘rinadi. O‘tgan shanbada kolonnaning keti ko‘rinardi, bugun ko‘cha liq to‘lgan, yurishning oxiri ko‘rinmaydi.

Turgenev ko‘chasidan Lenin ko‘chasiga burilar ekan, namoyishchilar «Rossiya OAVlari sharmanda» deb baqira boshlashdi, keyin yanada aniqlashtirishdi: «Federal OAVlar sharmanda». Kimdir «Yashasin Rossiya blogerlari!» deb baqiradi. Odamlar o‘rtasida kulgi ko‘tariladi.

Lenin ko‘chasida avtomobillarning qarshi harakati bor. Ular ham namoyishchilarni qo‘llab signal chalib o‘tib ketishmoqda.

Bu yerda olomon «Eng yaxshi o‘zgarish — Putinning iste'fosi» deb baqira boshlaydi. Otasining qo‘llarida turgan uch yoshli bolakay boshqalarga qo‘shilgancha takrorlayapti: «Ozodlik!»

Politsiyachilar oldingi safarlardagidek vaziyatga aralashmasdan, yurishni ikki yonidan kuzatib borishmoqda. Ular jurnalistlar bilan gaplashishmaydi, lekin namoyishni o‘zaro muhokama qilmoqda. Politsiyalardan biri ikkinchisiga yozg‘irmoqda: «O‘zlariga mashg‘ulot topib olishdi, endi yanada uzoqroq yurishadi».

Chunki bu marta miting qatnashchilari yanada uzoqroq yo‘nalish — Dikopolsev va Karl Marks ko‘chasi bo‘ylab shahar dumasi yoniga yo‘l olishdi. So‘ng olomon yana maydon tomon yo‘l solib, ularning bir qismi Lenin haykalining soyasi tomon yo‘l olishdi.

Namoyishchilarning ko‘pchiligi o‘zlarining asosiy talabini hamon takrorlashmoqda — Furgal ustidan Xabarovskda odil sud.

«Biz uchun asosiysi — sha'nimizni himoya qilish. Agar odam aybdor bo‘lsa, uni shu yerda sud qilishsin. Yopiq eshiklar ortida har narsa bo‘lishi mumkin. Ular bizga Degtyaryovni jo‘natishdi, ular retsept taklif qilishyapti, lekin og‘riyotgan narsani davolashmayapti. Odamlarni bu tashvishlantirmaydi. Biz adolat uchun ko‘chaga chiqdik. Biz hech qanday yomonlik istamaymiz, shunchaki bizni eshitishlarini xohlayapmiz», — deydi «Ozodlik va adolat uchun» yozuv tushirilgan tibbiy niqob taqib olgan er-xotin Artyom va Alyona.

Maydon markazida plakat ko‘targan ayollar guruhi turibdi. Ulardan birida teleboshlovchilar Dmitriy Kiselyov, Vladimira Solovyov va Olga Skabeyevaning portretlari tushirilgan va «Sotqin OAVlarga yo‘q» deb yozilgan.

Foto: Anastasiya Yakoreva / «Meduza»

«Youtube va Instagram ko‘rish kerak, — deydi 50 yoshlardagi ayol. — Furgalning hibsga olishguncha Youtube’ni ko‘rmas edim va siyosatga qiziqmas edim. Lekin bu sodir bo‘lgach, qonunsizlikdan nimadir teskari bo‘lib ketdi. Endi hammasini Youtube’da ko‘rmoqdaman».

«Ikki haftadan buyon televizorda musiqiy kanallardan boshqasini ko‘rmayapman. Boshqa kanallarda Amerika, Ukraina, Suriya, go‘yoki biz u yerda yashayotgandek», — deydi uning dugonasi.

Kunduzi soat 4larga yaqin Lenin maydoni deyarli bo‘shab qoldi. Bir necha o‘nlab odamlar guruhlarga bo‘linib, o‘zlarini qiynayotgan masalalar haqida suhbatlashib o‘tirishibdi. Boshqa kompaniya o‘tgan juma kuni ushlangan terrorchilar haqida suhbatlashishmoqda.

«Bittasida «Molotov kokteyli»ni topishgan emish, uni odamlar ustiga otmaydi, uni zirhlangan mashinalarga otishadi, — deb tushuntirmoqda bir erkak ayollarga. FXX chindan ham terrorchini ushlaganiga ulardan hech biri ishonmayapti.

Maydonga kirib kelgan «furgalmobil»dan musiqa taralib turibdi, ichidagi ayol kuylamoqda: «Xalq vakili Furgalga ozodlik, qichqiriq va og‘riqqacha unga erkinlik».

Sal nariroqda ikki qiz (Men/Biz Sergey Furgal, biz adolat tarafdori» shiori tushirilgan matoni o‘rashmoqda. Ularning yonidagi ko‘k tusli mashg‘ulot ishtoni kiyib olgan erkak qo‘lida plakat ushlab turibdi: «Putin — bizning dushmanimiz».

Mavzuga oid
Top