23:56 / 27.07.2020
4747

Koronavirusning ikkinchi to‘lqini Ispaniya turistik sanoatini zarba ostida qoldirdi

Yevropa mamlakatlari Ispaniyada koronavirusning yangidan avj olayotganidan xavotirda: Buyuk Britaniya va Norvegiya bu mamlakatdan qaytayotgan hamma uchun karantin joriy etmoqda, Fransiya esa Kataloniyaga safar qilmaslik to‘g‘risida ogohlantirish chiqardi. Bularning hammasi iqtisodiyoti turizmga bog‘liq Ispaniyaga yangi zarba bo‘lmoqda.

Foto: Reuters

Koronavirusdan eng katta jabr ko‘rgan mamlakatlardan biri Ispaniya kasallikning yangidan avj olishiga duchor bo‘lmoqda. Infeksiya tarqalishining ikkinchi to‘lqini turizm sohasiga bog‘liq iqtisodiyotga yana bir zarba bo‘lmoqda, deb yozadi Bloomberg.

25 iyul kuni Buyuk Britaniya Ispaniyadan kelayotgan har bir kishi uchun 14 kunlik karantin joriy etilishini e'lon qildi. Bir necha hafta muqaddam Britaniya hukumati Ispaniyani yozgi hordiq uchun xavfsiz mamlakatlar toifasiga kiritgan edi. Karantin to‘g‘risidagi qaror Ispaniyada, ayniqsa Kataloniyada kasallangan soni yangidan osha boshlagandan so‘ng qabul qilindi. Shanba kuni kechqurun Kataloniya hukumati yangi cheklovlarni joriy etish haqida e'lon qildi. Natijada, turistlarga o‘z rejasini o‘zgartirish uchun imkoniyat qolmadi, deb yozadi Reuters.

Buyuk Britaniyadan bir kun avval Norvegiya ham shunga o‘xshash choralar haqida e'lon qilgan edi: bu mamlakatda Ispaniyadan qaytganlar uchun 10 kunlik karantin joriy etilgan. Bundan tashqari, Fransiya turistlar o‘rtasida plyajlari bilan mashhur Kataloniyaga safar qilmaslik haqida ogohlantirish chiqardi.

Bloomberg’ning yozishicha, bu choralar yalpi ichki mahsulotining 10 foizini turizm tashkil etuvchi Ispaniya uchun sayohatlar mavsumining cho‘qqiga chiqqan pallasida bronlash statistikasiga juda katta salbiy ta'sir o‘tkazadi.

Ispaniya shimoli-sharqida joylashgan va yangi zararlanish o‘chog‘iga aylangan Kataloniya hududi hukumati vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilmoqda. Barselonada tungi klublar yopilgan, barlarda esa komendantlik soati joriy etilgan. 200 ming kishini qamrab oladigan qisman izolyatsiya rejimi shuningdek, Kataloniya tarkibidagi Leyda provinsiyasining Segriya hududida ham joriy etilgan.

Turizm va sayohatlar bo‘yicha jahon kengashi Buyuk Britaniya tomonidan qabul qilingan choralarni sayohatchilar uchun «og‘ir zarba» deb atagan va sayohatlar uchun global to‘siqlar emas, mahalliy cheklovlar eng yaxshi yechim bo‘lishi mumkinligini qayd etgan. Britaniyaning yirik Tui operatori 26 iyul kuni Ispaniya va Kanar orollariga aviareyslarning barchasini bekor qilgan, deb xabar beradi Sky News.

Turistik guruhning bayonotida garchi ular Ispaniya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha xavotirga qo‘shilsa-da, lekin bu mamlakatning orollar bilan qo‘shib hisoblangandagi katta qismida Buyuk Britaniyadagidan ko‘ra kamroq holat aniqlangani aytilgan.

Foto: Sky News

 

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, Ispaniyada koronavirusdan 28 mingdan ko‘p inson qurbon bo‘lgan. Bu – Buyuk Britaniya, Italiya va Fransiyadan keyingi Yevropadagi to‘rtinchi ko‘rsatkich.

Ispaniyada karantin mart oyida joriy etilgani bois, virus butun mamlakat bo‘ylab tarqalishga ulgurgan. Cheklovlarning yumshatilishi va turistik mavsumning boshlanishi bilan kasallanganlar soni ayniqsa barlar va klublarga boruvchi yoshlar orasida sezilarli tarzda ko‘paygan.

Ayni paytda butun jahon hukumatlari koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rmoqda, biroq anchagina zarar ko‘rgan iqtisodiyotlar bilan keng miqyosdagi cheklovlarni qaytarishga bo‘lgan urinishlar ko‘p emas, deb qayd etadi agentlik.

«Aholini ma'lum muddatga qahramonlarcha jamoaviy o‘zini qurbon qilish aktlariga chorlash mumkin, lekin doimiy emas», — deydi siyosatshunos Frensis Fukuyama. Uning fikricha, cho‘zilib ketgan epidemiya – davom etayotgan retsessiya, ish o‘rinlarining yo‘qotilishi va misli ko‘rilmagan qarz yuki bilan tez orada siyosiy reaksiyaga aylanuvchi taranglik yaratishi shubhasizdir.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top