10:57 / 28.07.2020
5761

O‘zbekistonda 100 mingta mahalliy test tizimi foydalanishga topshirildi

Ilg‘or texnologiyalar markazida koronavirusni aniqlovchi 100 ming dona test tizimini o‘z ichiga olgan navbatdagi partiya tayyorlandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, ulardan 40 ming donasi Jizzax, Andijon va Toshkent shahri sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari laboratoriyalariga hamda respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga topshirildi. Qolgan 60 mingta testni boshqa viloyatlarga chiqarish rejalashtirilgan.

Ma'lum qilinishicha, Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari tomonidan yaratilgan test tizimini markaz startaplaridan biri bo‘lgan «Biotest-LAB» tomonidan ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

«Hozirgi kunga kelib respublikada test topshirishga kunlik 20 mingta talab mavjud. «Biotest-LAB» startapi har hafta 100 mingtagacha test tizimini ishlab chiqarish quvvatiga ega.

«Biotest- SARS-CoV-2» reagentlar to‘plami COVID-19’ni qo‘zg‘atuvchi SARS-CoV-2’ning RNKsini real vaqt rejimida PZR usulida burun-halqum shilliq pardasida aniqlash uchun ishlab chiqilgan. Mahalliy PZR test tizimiga reaksiyalarning sifatini tekshiruvchi ko‘rsatkichlar ham kiritilgan. Bu ekspress-test emas, balki to‘laqonli test bo‘lib, natijalar 5-6 soatdan keyin aniq bo‘ladi hamda faqat maxsus laboratoriyalarda qo‘llash mumkin», deyiladi vazirlik axborotida.

Avvalroq Ilg‘or texnologiyalar markazi biotexnologlari tomonidan COVID-19 koronavirusini aniqlash bo‘yicha test tizimi ishlab chiqilgani va 50 mingta test tizimini ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligi ma'lum qilingan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top