12:50 / 29.07.2020
5399

11 yillik ta'lim tizimiga o‘tilishi qizlar orasidagi erta tug‘ruq holatlarining 34 foizga kamayishiga sabab bo‘ldi - XTV

2017 yildan boshlab 11 yillik umumta'lim tizimiga o‘tilishi bilan erta tug‘ruq holatlarining soni pasayishi kuzatilgan. 

Foto: Vida Press

O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizlar o‘rtasidagi erta tug‘ruq holatlari tahlil qilinganda, 2017 yildan boshlab 11 yillik umumta'lim tizimiga o‘tilishi bilan erta tug‘ruq holatlarining soni pasayishi kuzatilgan, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi. 

Qayd etilishicha, 2016-2017 yillar davomida 15-17 yoshdagi qizlar o‘rtasida jami 429 tug‘ruq holati qayd etilgan bo‘lsa, 2018-2019 yillar davomida ushbu ko‘rsatkich 34 foizga kamayib, 284 tani tashkil qilgan.

Erta tug‘ruq holatlari sodir etilishi ko‘rsatkichining kamayishi holatini umumta'lim maktablarida tahsil olayotgan qizlar soni nisbatiga taqqoslaganda ham ko‘rish mumkin ekani aytiladi.

Bunda:
 
2017 yilda Xalq ta'limi tizimida tahsil olayotgan har 12 995 nafar qizga 1 ta tug‘ruq (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0076 foiz);

2018 yilda tizimda tahsil olayotgan har 15 169 nafar qizga 1 ta tug‘ruq (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0066 foiz);

2019 yilda tizimda tahsil olayotgan har 23 666 nafar qizga 1 ta tug‘ruq to‘g‘ri kelgan (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0042 foiz).

“11 yillik ta'lim tizimining qaytgani mazkur muammoning mamlakatimiz miqyosidagi asosiy yechimi sifatida baholash mumkin, sababi maktabni tark etgan o‘quvchi kollej yoki litseyga borganda o‘zining axloqini bemalol, ijtimoiy nazoratsiz transformatsiya qilishi (o‘zgartirishi), o‘smir muayyan submadaniyatga osongina imitatsiya (taqlid) qilishi mumkin bo‘lgan va bu jarayonda uni yangi ijtimoiy guruh shundayligicha qabul qilgan. 

Bugungi kunda xalq ta'limi tizimida manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda voyaga yetmaganlar orasida erta tug‘ruq holatlarini oldini olish maqsadida “Mustahkam oila”, “Ahil oila”, “Hayotga qo‘shil”, “Ijobiy fikrlashni o‘qitish” kabi targ‘ibot ishlari olib borilmoqda”, - deyiladi ma'lumotda.

Top