18:58 / 31.07.2020
9586

Qoraqalpog‘istonlik jurnalist va blogerlarning texnikalari qaytarib berildi

Foto: «Makan.uz»

Musa Yerniyazov o‘limi haqidagi feyk xabardan keyin Qoraqalpog‘istonda jurnalist va blogerlarning bosim o‘tkazilayotgani haqida shov-shuvli xabarlar chiqqandi.

Dastlab, 25 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan tungi soat 01:00lar atrofida Makan.uz (Lalagul Kallixanova), KRuz.uz (Iskander Yusupov) va Kar24.uz (Kumar Begniyazova) vakillari olib ketilib, ularning telefon va noutbuklari olib qo‘yilgandi. O‘zlari esa tungi soat 3:00 atrofida uylariga qaytishgan.

Ertasiga, 26 iyul kuni Qoraqalpog‘istondagi 3 nafar bloger: Ziyaev blogi'ning muallifi Sultonbek Ziyayev, Karakalpak 24 Telegram-kanali yurituvchisi Berdax Naurizbayev va Saidahmadov blogi muallifi Shuhrat Saidaxmadov Nukus shahar IIBga olib kelinib, so‘roq qilingan. Ularning ham telefon va noutbuklari surishtiruv jarayonida olib qo‘yilgandi.

Shundan keyin oradan 3-4 kun o‘tib, 29 iyul kuni Nukus shahar IIB tomonidan jurnalist va blogerlarning texnikalari qaytarib berilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari Svetlana Ortiqova qoraqalpog‘istonlik hamkasblariga holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan xodimlarning xatti-harakatini oqlab bo‘lmasligini aytib, ularga qattiq tanbeh bergandi.

Shuningdek, AOKA direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov huquqni muhofaza qiluvchi organlar xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yozma murojaat yuborgandi.

Mavzuga oid
Top