15:05 / 01.08.2020
10832

Iqtisodchi «Moddiy yordam berilgan fuqarolar» platformasini ishlab chiqishni taklif etdi

Iqtisod fanlari doktori, professor Barnogul Sanaqulova Kun.uz`ga taqdim etgan maqolasida pandemiya davrida ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam tarqatilishini shaffoflashtirish yuzasidan o‘z taklifi haqida so‘z yuritgan.

Foto: O‘zA

Kuni kecha Vazirlar Mahkamasining koronavirus pandemiyasi davrida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida ehtiyojmand oilalarga 150 mlrd so‘m tarqatilishiga oid farmoyishi e'lon qilindi.

Unga ko‘ra, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar rahbarlariga ikki kun muddatda bu mablag‘larni O‘zbekiston «Saxovat va ko‘mak» fondi orqali hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam sifatida tarqatishini ta'minlash vazifasi yuklatildi.

So‘nggi vaqtlarda bu fondga nisbatan xalq tomonidan turli noaniqlik holatlari bo‘yicha savollarning ko‘paygani va javobsiz qolayotganini inobatga olib, moddiy yordam ko‘rsatilgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘zida mujassam etib boruvchi «Moddiy yordam berilgan fuqarolar» platformasini yaratishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Mazkur maxsus platformada har bir moddiy yordam olgan fuqaro haqidagi ma'lumotlar (fuqaroning roziligi bilan) respublika bo‘yicha shahar, tumanlar kesimida kiritilib, e'lon qilib borilishi shart.

Mazkur platforma ma'lumotlari kelgusida:

1. Belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan jamoatchilik nazorati vakillariga ochiqlanishi;

2. Jamoatchi aktivistlar guruhlari tomonidan mazkur ro‘yxatlar monitoring qilib borilishi, tanlanma kuzatuv asosida joylarga chiqib «tanlanma signal tekshiruv»larini amalga oshira olishi;

3. Platformada fikrlar, mulohazalar, jamoatchilik nazorati natijalarini yozib qoldirish imkoniyatlari yaratilishi lozim.

Faqat demokratik jamiyatning asosiy richaglaridan bo‘lgan xolis jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali bu mablag‘lar talon-taroj bo‘lib ketmasligining oldini olish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, mazkur platformada yig‘ilib borilgan ma'lumotlardan:

– mamlakatimiz bo‘yicha kambag‘allik darajasining haqiqiy holatini aniqlashda;

– kambag‘al qatlam bilan aniq, manzilli va maqsadli ishlashda, natijaviylikka erishishda;

– kambag‘al qatlamni yosh, jins, ish faoliyati hamda hududiy yashash joyi kabi segmentlarga ajratgan holda tanqidiy tizimli tahlillarni amalga oshirib, aniq faktlarga asoslangan islohotlarni amalga oshirishda foydalanish;

– kambag‘al, extiyojmand qatlam to‘g‘risida ma'lumotlarning bunday platformasi kelgusidagi moddiy ko‘mak berilishini davriy amalga oshirish imkoniyatlarini yuzaga keltiradi.

Qisqa muddatlarda «Moddiy yordam berilgan fuqarolar» platformasini ishga tushirishning qisqacha algoritmi esa quyidagicha bo‘lishi mumkin:

a) internet platforma yaratiladi (ta'kidlash kerak, mazkur yo‘nalishda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondida bu borada diqqatga sazovor tajriba shakllanib bo‘lgan, fond tomonidan 1000 nafar ayol va 100dan ortiq jurnalistlarga pul tarqatganida aynan shunaqa platforma yaratilib, ma'lumotlar e'lon qilingan edi);

b) har bir mahalla bu platformaga kelishilgan jadval formati bo‘yicha moddiy yordam qilingan fuqarolar to‘g‘risidagi ma'lumotnomani doimiy ravishda yuklab boradi (bu holatda joylardagi internet bilan bog‘liq muammolarini inobatga olib, «yuklash» vazifasini tuman deputatlari zimmasiga yuklash mumkin);

v) platformaning onlayn rejimida ishlashi ta'minlanib, jamoat vakillari tomonidan doimiy monitoring qilib borilishi amalga oshiriladi.

Prezidentimiz deyarli har bir nutqlarida jamiyatning har bir bo‘g‘ini ish jarayonini raqamlashtirishga o‘tish davr talabi ekanini ta'kidlaydilar. O‘ylaymanki, yuqorida keltirilgan tadbirlarning amalga oshirilishi hozirgi kunda ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli va aniq manzilli sarflanishiga erishish bilan bir qatorda, turli ijtimoiy tarmoqlar, OAVlarda tug‘ilayotgan ko‘pgina o‘rinli savollarga javob topishga xizmat qilgan bo‘lar edi.

Barnogul Sanaqulova,
iqtisod fanlari doktori, professor.

Mavzuga oid
Top