11:50 / 01.08.2020
6413

Statistika qo‘mitasi iyul oyida narx-navo 0,3 foizga pasayganini ma'lum qildi

2020 yilning iyulida iste'mol narxlari va tariflari darajasi oy davomida o‘rtacha 0,3 foizga pasaydi.

Davstatqo‘m xabariga ko‘ra, 2020 yilning yanvar-iyul oylari davomida iste'mol bozoridagi narxlar va tariflar o‘rtacha 4,3 foizga ko‘tarildi.

Yillik davrda esa (2019 yilning iyuliga nisbatan) tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘rtacha o‘sish sur'ati 14,4 foizni tashkil etdi.

Bozorlarning yangi meva-sabzavot mahsulotlari hosili bilan to‘yinganligi sababli, ushbu tovarlar guruhi umumiy narxlarning pasayishiga olib kelib, natijada joriy yilning iyul oyida oziq-ovqat mahsulotlarining iste'mol narxlari indeksi (INI) 98,7 foizni tashkil etdi.

Oy davomida nooziq--ovqat mahsulotlar va xizmatlar narxlari mos ravishda 0,5 foiz va 0,4 foizga qimmatlashdi. Oziq--ovqat mahsulotlari narxlarining arzonlashishi hisobiga umumiy INI ko‘rsatkichi 0,6 f.d.ga pasaydi. Nooziq--ovqat mahsulotlar narxlarining ko‘tarilishi natijasida umumiy ko‘rsatkich 0,2 ff.d.ga o‘sdi. Xizmatlar tariflarining o‘sishi natijasida umumiy INI qo‘shimcha ravishda 0,1 ff.d.ga oshdi.

Joriy yilning yanvar-iyul oylari davomida har bir oy uchun asosiy guruhlardagi narxlarning o‘zgarishi umumiy iste'mol narxlarining o‘sishiga yoki pasayishiga ta'sir qilishi dinamikasiga kelinsa, joriy yilning yanvar-aprel oylarida nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar ta'sirining nisbiy barqarorligi sharoitida oziq-ovqat mahsulotlaridagi narxlarning o‘zgarishi ta'siri asta-sekin o‘sib bordi (0,4 f.d.dan 1,4 f.d.gacha). 

May oyidan boshlab, meva-sabzavot mahsulotlarining va shunga mos ravishda oziq-ovqat mahsulotlarining mavsumiy pasayishi tendensiyasi qisqa muddatda inflyatsion bosimni sezilarli darajada pasaytirish imkonini berdi.

Umumiy hisobda, 2020 yilning yanvar-iyul oylari davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari darajasi 4,9 foizga, nooziq--ovqat mahsulotlari 4,1 foizga, xizmatlar 3,6 foizga oshdi.

Mavzuga oid
Top