18:00 / 03.08.2020
5445

«Bekobod tumanida muhtojlarga pul tarqatish jarayonida 353 ta oilaga 311,5 mln so‘m ortiqcha ajratilgan» – Toshkent viloyati hokimi

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov 3 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining videoselektor tarzida o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasidagi chiqishida Bekobod tumanida muhtojlarga pul tarqatish jarayonida 353 ta oilaga 311,5 mln so‘m ortiqcha ajratilganini tanqid qilgan.

«2020 yil 30 iyuldagi prezilent farmoniga asosan pandemiya sharoitida Toshkent viloyatidagi ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab quvvatlash maqsadida inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan ajratilgan 10,0 mlrd so‘m xaqiqiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalarga sarflanishini ta'minlash maqsadida barcha tuman va shaharlarning 4 ta sektor rahbarlari tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlariga asosan oilada 1-3 nafar fuqarolar yashaydigan bo‘lsa 500 ming so‘mdan, 3 tadan ortiq oila a'zolari istiqomat qilayotgan honadonlarga 1 mln so‘mdan ajratilishiga kelishildi. Mana shu mezon asosida 12 990 ta oilaga 10 mlrd. 611 mln. so‘m taqsimlandi.

Biroq tekshiruvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, muhtojlar ro‘yxatiga kiritilganlar orasida o‘rta hol oilalar, bugungi kunda yordamga muhtoj bo‘lmagan oilalar ham bor. Bu esa ayrim hollarda yordamga haqiqiy muhtojlar chetda qolib ketishiga olib kelmoqda. Bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan sektor rahbarlari tomonidan Olmaliq shahri, Piskent, Bekobod, Oqqo‘rg‘on tumanlarida ro‘yxatlar sifatsiz shakllantirilishi natijasida bu hududlardagi ehtiyojmand oilalar ro‘yxati bir necha bor o‘zgartirilgan. Bugungi kunda Bekobod tumanida 1 448 nafar ehtiyojmand oilalarga 1 262,5 ming so‘m ajratish uchun ro‘yxatlar shakllantirilgan bo‘lsa, tarqatish jarayonida 353 ta oilarga 311 500 ming so‘m mablag‘lar ortiqcha ajratilganligi ma'lum bo‘ldi. Jumladan, 1-sektorda – 149 mln, 2-sektorda 26 mln, 3-sektorda 74,5 mln, 4-sektorda 66 mln so‘m ortiqcha pul tarqatilgan.  

Ortiqcha ajratilgan mablag‘lar bank kassalariga qaytariladi. Bunday holatlarni oldini olish hamda tuman va shaharlarda 4 ta sektor rahbarlari mas'uliyatini oshirish maqsadida Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi qarori bilan yuqoridagi kamchilikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilar – Olmaliq shahri hamda Piskent, Bekobod, Oqqo‘rg‘on tumanlari sektor rahbarlariga ogohlantirish berildi», deya Rustam Xolmatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi qaroriga ko‘ra viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari boshchiligida mutasaddilar, jumladan, tuman va shaharlar sektor rahbarlari ikki kun muddatda mahallalar kesimida «Temir daftar»ga kiritilgan ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini ularning haqiqiy muhtojligini va oila a'zolarining sonini aniqlashtiri, «Saxovat.argos.uz» dasturi bo‘yicha yakuniy ro‘yxatlarini shakllantirilishi belgilangan.

Ajratilgan mablag‘larni manzilli va maqsadli sarflanishi, haqiqiy ehtiyojmand oilalarga, yordamga muhtoj fuqarolarga yetkazilishi bo‘yicha mas'uliyat va javobgarlik shaxsan 4 ta sektor rahbarlari hamda ushbu jarayonlarga biriktirilgan rahbarlar zimmasiga yuklatilgan va Xalq deputatlari mahalliy kengashlar deputatlari bu jarayonda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi ta'kidlangan.

Sessiyada aholining muhtoj qatlamlariga moddiy yordamning yetkazilishida mablag‘larning talon-toroj bo‘lishi, ta'magirlik, firibgarlik, vakolatni suiiste'mol qilish holatlari bo‘lmasligini nazoratga olish, bunday holatlar aniqlanganda, bunga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar faoliyatiga xuquqiy baho berish va o‘rnatilgan tartibda tegishli choralar ko‘rish, ajratilgan moddiy yordam mablag‘larining manzilli tarqatilishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatishni nazarda tutuvchi ochiq va shaffof tizim ishlab chiqilishini ta'minlash viloyat prokurori Salom Samadovning zimmasiga yuklatilgan.

Sessiyada, shuningdek, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni ambulator sharoitida aniqlash, tashxis qo‘yish, davolash va reabilitatsiya qilish jarayonlarida viloyatning tegishli boshqarma boshliqlari hamda sektor raxbarlari tomonidan olib borilayotgan ishlar ham muhokama qilindi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Top