10:36 / 03.08.2020
35711

«Kanalimizda bir chelak suv ham yo‘q!» - Qo‘shko‘pir tumanidagi fermerlar suvsizlikdan katta zarar ko‘rmoqda

Qo‘shko‘pir tumani, Qatag‘on qishlog‘idagi aholi va fermerlar suv muammosi bir necha yildan beri hal etilmayotganidan shikoyat qilishdi. Dehqonchilik uchun mo‘ljallangan yerlar, baliqchilik havzalari, odamlarning tomorqalari suvsizlikdan qaqrab qolgan.

Qo‘shko‘pir tumani, Qatag‘on qishlog‘ining «Arablar» mahallasi, Sputnik shaharchasining «Taraqqiyot» mahallasi aholisi va shu hududda faoliyat yuritayotgan bir qancha fermerlar ekinlarni sug‘orish uchun suv yo‘qligidan shikoyat qilishdi.

Ikkita mahalla hududidan o‘tuvchi «O‘ng tarmoq Qulobod» kanalida 3 yildan beri suv tanqis. Natijada, dehqonchilik qilish, chorvachilik va baliqchilik bilan shug‘ullanish tobora imkonsiz bo‘lib bormoqda. Odamlar tomorqadan foydalanishda, sabzavot yetishtirishda, bog‘ qilishda qiynalishmoqda. Katta mablag‘ sarflab yo‘lga qo‘yilgan tadbirkorlik faoliyati ham so‘roq ostida turibdi.

Erkin Ro‘zimov el-yurt dasturxonini baliq mahsulotlari bilan to‘ldirish, o‘zi ham daromad olish maqsadida «Ro‘zimov Abdulla» fermer xo‘jaligini tashkil qilib, yaxshi niyatda ish boshlagan tadbirkorlardan biri. Ammo suvsizlik muammosi fermerning ishini barbod qilib, qarzga botirib yuborgan.

«4,5 gektar yer olib, baliqchilik sohasi bo‘yicha ish boshladim. Shundan 3 gektarini hovuz uchun qazdirdim, tayyorladim. Ish boshlaganimda «O‘ng tarmoq Qulobod» kanalida suv bo‘larmikan, degan hadik bor edi. Ammo rahbarlar suv bo‘lishiga ishontirishdi, va'dalar berishdi. Afsuski, 2020 yilda kanaldan bir chelak ham suv kelmadi. Natijada, atigi 0,1 gektar yerda suv qoldi, xolos. Ko‘lga qo‘yib yuborilgan baliqchalarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldi. Qarzga botib ketdim. Kuzda mendan baliq mahsulotini topshirish rejasi so‘raladi. Uni qanday bajaraman?», deb kuyundi Erkin aka.

«Zohidjon Qo‘shko‘pir» oilaviy korxonasi rahbari Zohidjon Nurmetov juda katta mablag‘ sarflab qilayotgan tadbirkorlik faoliyati xavf ostida turgani, qurg‘oqchilik tufayli mablag‘i va mehnati zoye ketishi mumkinligidan shikoyat qildi.

«Oilaviy korxonamiz go‘sht-sut yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritadi. «Arablar» mahallasi hududida katta fermamiz bor. Qaramog‘imizda Shveytsariyaning «Simmental» zotli 131 shartli bosh qoramol bor. Bu ishga o‘z mablag‘imdan 3,5 milliard so‘mni sarflaganman, yana shuncha miqdorda kredit olganman. Suvsizlik tufayli chorvamiz uchun yem-hashak yetishtirish muammoga aylanmoqda. «O‘ng tarmoq Qulobod» kanalida suv yo‘q, natijada ekinlarimiz suvsiz qolgan, qovjirab boryapti. Shikoyat qilmagan joyimiz qolmadi. Bunday sharoitda qanday tadbirkorlik qilish mumkin? Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilar qo‘llab-quvvatlanmasa, bozorda go‘shtning narxi pasayarmidi?», dedi u.

Qalandar Abdikarimov baliqchilik yo‘nalishidagi «Yo‘ldosh cho‘pon dalasi» fermer xo‘jaligini tashkil qilib, yaxshi niyatlar bilan ish boshlagan fermerlardan yana biri. Ammo suv tanqisligi uning faoliyatiga ham katta zarar yetkazdi.

«Baliqchilik sohasi bo‘yicha ish boshlagan edim. Faoliyatim uchun 8,5 gektar yer ajratildi. 2,5 gektarini hovuz qilib qazdirib, tayyorladim. Baliqchalarni yubordim, ammo suv bo‘lmadi. Natijada, baliqchalar nobud bo‘ldi, katta miqdorda zarar ko‘rdim. Kanaldan suv kelmasa, baliqchilik bilan qanday shug‘ullanish mumkin? Shikoyat qilmagan, yozmagan joyim qolmadi. Hech qanday yordam berilmayapti. «Suvni ertaga beramiz», degan va'dalardan nariga o‘tilmayapti. Kuzda esa mendan baliq topshirish, rejani bajarish talab qilinadi. Fermerga yordam yo‘q, faqat talab bor. Bunday sharoitda qanday ishlash mumkin?», deb kuyundi u.

«O‘ng tarmoq Qulobod» kanali bo‘yida joylashgan «Taraqqiyot» mahallasidagi ahvol bundan ham achinarli. Mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan hududda ariqlar, tomorqalar suvsizlikdan qaqrab, ekinlar esa qovjirab yotibdi.

«Tomorqaga ekin ekinglar, foydalaninglar, aks holda undan mahrum qilinasiz, jarimaga tortilasiz, degan talabni qo‘yishadi. Yer solig‘ini tiyin tiyinigacha to‘liq to‘lashga majburlashadi. Ammo suv bilan ta'minlanglar, yordam beringlar deb murojaat qilsak, hech kim quloq solmayapti. 2-3 yildan beri ahvol shunday. Qurg‘oqchilik bizni juda qiynab qo‘ydi. Ekin ekdik, bog‘ qildik, ammo sug‘ora olmayapmiz, mablag‘imiz va mehnatimiz zoye ketmoqda», deydi mahalla aholisi vakillari.

Qayd etish joizki, suvsizlik ortidan yana bir balo, «ko‘rinmas ofat» mahallaga tahdid qilmoqda. So‘nggi yillarda bu hududda termitlar paydo bo‘lgan. Ular yog‘och ustunlar, to‘sinlar, polning yog‘ochlarini yeb bitiryapti. Natijada, ba'zi uylar yashash uchun xavfli holatga kelib qolyapti. Bunday zararkunandalarning ko‘payib ketishiga qurg‘oqchilik ham sabab bo‘ladi. «Taraqqiyot» mahallasida termitlarning ko‘payib ketishi juda xavotirli masala.

«O‘ng tarmoq Qulobod» kanalida suv yo‘qligi muammosi bo‘yicha «Chapqirg‘oq Amudaryo» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi Qo‘shko‘pir tumani bo‘limi gidrotexnigi Dilmurod Davletov izoh berdi.

«O‘ng tarmoq Qulobod» kanali Xonqa tumanidan boshlanadi. So‘ngra Urganch tumani hududidan o‘tib, Qo‘shko‘pir tumanigacha keladi, jami 36 km uzunlikka ega. Uning oxirgi 8 km qismiga suv yetib kelmayapti, chunki juda oz berilyapti. Bu kanalga sekundiga 3–3,5 kubometr suv berilsa, aholi va fermerlarning yerlari, tomorqalari to‘liq sug‘orilishi mumkin», deydi u.

Mahalla aholisining so‘zlariga ko‘ra, «O‘ng tarmoq Qulobod» kanalida suv bor, ammo Qo‘shko‘pir tumaniga kirish qismidan bo‘g‘ib qo‘yilgan. Uning Xonqa tumani va Urganch tumani qismidagi fermerlar juda katta yer maydonlariga sholi ekib, katta nasoslar bilan suvdan foydalanib o‘tirishibdi.

«O‘ng tarmoq Qulobod» kanalidagi suvsizlik muammosi, shuningdek, uning Qo‘shko‘pir tumani qismining bo‘g‘ib qo‘yilishi bo‘yicha «Chapqirg‘oq Amudaryo» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi Xorazm viloyati bo‘limi rahbariyatidan izoh olishning iloji bo‘lmadi.

Hozirgi vaqtda mahalla hududidagi fermerlar va aholi ekinlarini sug‘orish, iste'mol qilish uchun noilojlikdan yer osti suvlaridan foydalanishmoqda. Uning qattiqlik darajasi yuqori bo‘lgani sababli, iste'mol qilishga va dehqonchilik qilishga yaroqsiz hisoblanadi. Sifatsiz suv odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetkazyapti, yerlarning unumdorligini pasaytirib yuboryapti. Odamlar yillar davomida bu muammolarning yechim topishini, kanalga, ariqlariga suv kelishini, mahalla ichimlik suvi bilan ta'minlanishini umid bilan kutishyapti. Afsuski, mahalliy hokimiyat vakillari va'dalardan nariga o‘tmayapti.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top