23:33 / 05.08.2020
51310

Bog‘chalar faoliyatini tiklashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda – MTV

Maktabgacha ta'lim vazirligi bog‘chalarning faoliyatini tiklashga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma'lum qildi. Biroq xabarda aniq sana keltirilmagan.

«Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida koronavirus infeksiyasi pandemiyasi sababli to‘xtatilgan faoliyat jarayonini tiklashga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ushbu faoliyatni tiklashdan maqsad, xodimlar va tarbiyalanuvchilar uchun xavfsiz muhitni ta'minlash orqali, bolalarni normal maishiy hayot, o‘yinlar va ta'lim jarayoniga qaytarishdir.

Bunda virus tarqalishi va uni yuqtirib olish xavfini bartaraf etish maqsadida joriy etilgan ta'qiq choralarini hisobga olgan holda, qo‘shimcha xavfsizlik choralari ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan. Ammo bolalar o‘rtasidagi oraliq masofa, ularning ijtimoiy faolligi, amaliy mashg‘ulotlari va rivojlantiruvchi o‘yinlariga xalaqit bermasligi lozim», deyiladi vazirlik axborot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda.

MTV tomonidan UNICEF’ning ko‘magida tayyorlangan pandemiya sharoitida bog‘chalarda ish jarayoni qanday tamoyillar asosida tashkil etilishi haqidagi videorolikda ota-onalarga imkon qadar bolalarni uyda olib o‘tirish tavsiya qilingan. Agar buning iloji bo‘lmagan taqdirda maktabgacha ta'lim muassasasida barcha ehtiyot choralari ta'minlanganiga ishonch hosil qilish so‘ralgan. Jumladan:

– bolalar bog‘chasi yashil yoki sariq hududda bo‘lishi kerak;

– xodimlar koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha o‘qitilgan bo‘lishi lozim;

– bog‘cha binosi va hududi dezinfeksiya qilinishi shart;

– maktabgacha ta'lim tashkilotida uzluksiz suv ta'minoti tizimi yoki yetarli miqdorda suv zaxirasi bo‘lishi shart;

– har bir guruh uchun bolalarning bog‘chaga kelishi jadvali bo‘lishi kerak;

– har dushanba kuni ota-onalar paketga solingan bir martalik qog‘oz sochiqlar yoki ko‘p marta ishlatiladigan beshta toza sochiqlar, ishlatilgan sochiqlar uchun alohida paketlar olib kelishlari kerak;

– bog‘chaga kelayotgan bolalarda tibbiy niqob bo‘lishi va kirish joyida 2 metrlik ijtimoiy masofa saqlanishi zarur

– bog‘chaga o‘yinchoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar olib kelish taqiqlanadi.

Qayd etilishicha, MTT xodimlari bog‘chaga kelgan tarbiyalanuvchilarning tana haroratini o‘lchab, ma'lumotlarni yozib borishlari talab etiladi. Agar bolada yoki MTT xodimida isitma, yo‘tal yoki o‘tkir respiratorli infeksiyalarning boshqa belgilari bo‘lsa, ularni bog‘chaga kiritish mumkin emas. Agar bolaning tana harorati normada bo‘lsa, uning qo‘llari dezinfeksiya qilinib bog‘chaga kiritiladi. Ota-onalarning bog‘cha hududiga kirishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Videoda bog‘chadagi har bir guruhda 15 nafardan ko‘p bola bo‘lmasligi tavsiya qilingan. Shuningdek, mashg‘ulotlar va ovqatlanish vaqtida bolalar orasida kamida 1 metrlik masofa ta'minlashini shartligi ta'kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, MTV avval ham pandemiya sharoitida bog‘chalar faoliyatini tiklash borasida qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqayotganini ma'lum qilgan, unga ko‘ra talab etiluvchi xavfsizlik choralarini ta'minlab bera oluvchi xususiy bog‘chalar 2020 yil 15 iyundan faoliyatini boshlashi, «yashil» va «sariq» hududlardagi davlat bog‘chalari 1 avgustdan ochilishini aytilgan edi.

Biroq respublikada koronavirus bilan kasallanish holatlari ko‘payishi va karantin cheklovlari kuchaytirilishi ortida bu ishlar amalga oshmay qolgandi.

Top