20:56 / 05.08.2020
4696

O‘zbekistonda COVID-19 bemorlarini davolash uchun ajratilayotgan mablag‘lar miqdori o‘zgarmagani ma'lum qilindi

O‘zbekistonda koronavirus bemorlari soni va o‘lim ko‘rsatkichi oshayotgan bo‘lsa-da, ularni davolash uchun ketadigan xarajat miqdori o‘zgarmagan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov ma'lum qildi.

«Bu summalar o‘zgargani yo‘q. Ular davlat rahbari tomonidan tasdiqlangan. Har bir bemor kafolatlangan davoni, dori-darmonlarni olyapti», dedi Sobirov 6 avgust kungi brifingda.

Aprel oyida mamlakatda koronavirusdan davolanayotgan o‘rta ahvoldagi har bir bemor uchun 32 million so‘m, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan og‘ir ahvoldagi har bir bemor uchun o‘rtacha 64 million so‘m sarflanayotgani ma'lum qilingan edi.

Ulug‘bek Sobirov brifing davomida koykalar masalasiga ham to‘xtaldi.

«Butun respublika bo‘yicha hozirda yetarli koykalar zaxirasi shakllantirilgan. Toshkent viloyati bo‘yicha aytadigan bo‘lsam, yangi joylar qilingan. 4 ming, 6 mingta koyka bo‘lsa, ularning yarmida bemorlar yotibdi, yarmi bo‘sh. Bu stabilizatsiya jarayoni ketayotganidan dalolat beradi.

Shunga qaramay, biz virusni nazoratda tutib turish uchun har doim niqoblar va ijtimoiy masofa masalasini unutmasligimiz kerak», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlik 4 avgust holatiga bergan yakuniy ma'lumotiga ko‘ra, Toshkent viloyatida koronavirus aniqlangan jami fuqarolar soni 3451 nafar ekani, ulardan 2303 nafari tuzalgani, 1134 kishi davolanayotgani ma'lum qilingan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top