11:36 / 05.08.2020
4144

Yuridik shaxslarga barcha ta'lim turlari bo‘yicha nodavlat ta'lim xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilishi mumkin

Qonunda ta'lim jarayonida mehnat qilayotgan mutaxassislar, qolaversa, ota-onalarning huquqiy maqomi, ularning ijtimoiy muhofazasiga doir jihatlar hamda majburiyatlariga oydinlik kiritilmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Joriy yilning 4 avgust kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi Ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, unda tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda ekspertlar ishtirokida parlament yuqori palatasining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan “Ta'lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Yangi tahrirdagi Qonunga “davlat ta'lim muassasasi”, “davlat ta'lim standartlari”, “davlat ta'lim talablari”, “mutaxassislik”, “tarbiya”, “ta'lim”, “kampus”, “o‘quv dasturi” va “o‘quv rejasi” kabi yangi tushunchalarning mukammal izohi kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Qonunda maktabgacha ta'lim va tarbiya masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘qitish va tarbiyalashga, ularni intellektual, ma'naviy-axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, bolalarni umumiy o‘rta ta'limga tayyorlashga qaratilgan uzluksiz ta'lim turini amaliyotda keng qo‘llashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Qonunda ta'lim jarayonida mehnat qilayotgan mutaxassislar, qolaversa, ota-onalarning huquqiy maqomi, ularning ijtimoiy muhofazasiga doir jihatlar hamda majburiyatlariga oydinlik kiritilmoqda.

Shu bilan birga, Qonun 11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta'lim, umumta'lim maktabi bitiruvchilariga qiziqishlari bo‘yicha kasb-hunar o‘rgatish tizimini yo‘lga qo‘yish, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarida ta'lim berish muddati va mazmunining o‘zgarishi, mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, yuridik shaxslarga barcha ta'lim turlari bo‘yicha nodavlat ta'lim xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilishi jamiyatda intellektual mulk salohiyatidan samarali foydalanish, ilm-ma'rifatga doir ish joylarining kengayishiga imkon beradi.

Shuningdek, muhokama chog‘ida mazkur Qonun ta'lim tizimini tartibga solish maqsadlariga xizmat qilishi ta'kidlanib, ushbu hujjat yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.

Top