12:54 / 06.08.2020
35227

Denovda ehtiyojmandlarga pul tarqatilib, qaytarib olindi. Tushunmovchilik qayerdan kelib chiqqan?

Qora qozonini qaynatishga qurbi yetib-yetmay turgan xonadon eshigini qoqib MFY xodimlari keldi va qo‘liga pul tutqazdi: «Mana, sizga davlatimiz tomonidan 500 ming so‘m pul ajratilibdi, oling, ro‘zg‘oringizga ishlating...» Biroq oradan ko‘p o‘tmasdan yana o‘sha xodimlar kelib «Uzr, boyagi pulni qaytarib bering, boshqa odamga berarkanmiz» deb tursa!

Bu holatda salgina oldinroq o‘zining og‘ir sharoitini esdan chiqarmagan mutasaddilarning yetti pushtini duo qilib turgan xonadon ahli qay holatga tushadi? Mana shunday holat Denov tumanining «Zarafshon» mahallasida ro‘y berdi. Bir qarashda juda ko‘ngilsiz va xijolatli ko‘rinadigan vaziyatga mas'ullar tuzgan ro‘yxatlardagi chalkashliklar va tushunmovchiliklar sabab bo‘lgani oydinlashdi.

«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi orqali Qurbon hayiti arafasida yurtimizdagi ehtiyojmand oilalarga sektor rahbarlari rahbarligida bir martalik yordam puli tarqatildi. Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi «Zarafshon» mahallasida ayrim kam ta'minlangan oilalarga mahalla tomonidan 500 ming so‘mdan yordam puli tarqatilgan. Biroq u ko‘p o‘tmasdan yig‘ib olingan.

Voqeaga aniqlik kiritish maqsadida mahallaga borganimizda biz bilan suhbatlashgan fuqarolar bu haqda hikoya qilib berishdi.

Jumladan, shu mahallada yashovchi Feruza Mo‘minova quyidagicha so‘zlab berdi:

«Mahalla tomonidan haqiqatan ham pul tarqatildi. Qancha ekaniga e'tibor ham bermasdan qo‘l qo‘yib berdik. Uyga kirib qarasam, 500 ming so‘m ekan. Oradan ikki soat o‘tib mahalladan ikki kishi uchastka profilaktika inspektori bilan keldi. «Pulni qaytarib beringlar, davlatni haqiga xiyonat qilmanglar», deyishdi. Ishlatib qo‘yganimni aytganimda «qayerdan bo‘lsa ham topinglar», deyishdi. Rostan ham hozirgi paytda pulga muhtoj edik...»

Yana bir fuqaro O‘lmas aya Boltayeva ham mahalladan ikki kishi kelib, daftarga qo‘l qo‘ydirib, 500 ming so‘m pul berishgani, suratlarga tushirib olishgani, ammo oradan bir necha soat o‘tib qaytarib olishganini aytdi.

«Mahalla vakillari pulni qaytarib olishga kelishganida iltimos qildim, qiynalayotganimni aytdim, «yo‘q, bu pullar boshqaga berilishi kerak ekan, biz ham gap etishdik», deya qaytarib olishdi», deydi O‘lmas aya.

Albatta, ehtiyojmand oilalarga davlat nomidan pul tarqatilib, uning qayta yig‘ib olishini kishida taajjub uyg‘otadi. Shu sababli biz mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, mas'ullarni savolga tutdik.

Mahalla fuqarolar yig‘ini kotibi Muhabbat Qulto‘rayeva tushunmovchilik ro‘y berganini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi fuqarolar haqiqatan ham muhtoj, ammo aynan «temir daftar»ga ro‘yxatga olingan fuqarolarga pul tarqatish ko‘zda tutilgan.

«Men faqat «temir daftar»da ro‘yxatda borlarga pul tarqatish bo‘yicha topshiriqni yaxshi tushunmagan ekanman, majlisga kechikib borgandim. Bu daftarda bo‘lmasa baza qabul qilmasligini aytishdi. Bunday tushunmovchilik 9ta xonadonda bo‘ldi», dedi MFY kotibi.

Mahalla fuqarolari yig‘ini raisi ehtiyojmandlar ro‘yxati qanday shakllantirilganiga tushuncha berdi.

Bir kun oldin tuman jamg‘armamiz, «Saxovat va ko‘mak» fondidan pul ajratiladi deb ro‘yxat so‘ragan. Ro‘yxat shakllantirib berilgan. Bu ro‘yxatda yuqoridagi, murojaat qilgan ikki fuqaro ham bor edi. Haqiqatan ham nochor. Kecha sektor rahbari chaqirib pulni berib tarqatish kerakligini aytgan. Bizda shuningdek, 75 kishilik yana bir ro‘yxat bor, «temir daftar» deymiz. Bu ro‘yxatda ham kam ta'minlanganlar, nogironligi bor, chin yetim kabi fuqarolar bor.

Jamg‘arma tomonidan «mayli, tarqatinglar» deyilgandan so‘ng, tarqatilgan. Ammo keyinroq, sektor rahbarlari «faqat «temir daftar»dagi ro‘yxat bo‘yicha tarqatasizlar» deyishadi. Mahallamiz xodimlari pul tarqatilib bo‘linganini aytishadi, ammo iloj yo‘qligi, qaytarib olish lozimligi aytilgach, yana fuqarolar oldiga borib, uzr so‘rab, pulni qaytarib olishga majbur bo‘lishadi», dedi «Zarafshon» MFY raisi Abdusalom Qurbonov.

Shuningdek, mahalla raisi pul qaytarib olingan fuqarolarga ham albatta yordam ko‘rsatilishini ta'kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, kam ta'minlangan oilalar, jumladan, yuqorida nomi tilga olingan fuqarolar nomiga plastik kartochkalar ochilyapti va yaqin orada moddiy yordam puli o‘tkazib beriladi.

Xullas, mahalla kotibi yaxshi niyatda, chindan ham ehtiyojmand oilalarga pul tarqatgan bo‘lib chiqmoqda. Biroq pullar yuqoridan tasdiqlangan «temir daftar» ro‘yxati bo‘yicha tarqatilishi kerakligi tufayli tushunmovchilik kelib chiqqan. Oqibatda u ehtiyojmandlarga yomonlik qilgandek ko‘rinmoqda. Ular bundan, albatta, juda xijolatda.

Tumandagi mutasaddilar ushbu masalaga hech kimni norozi qilmasdan chiroyli yechim topishadi, degan umiddamiz.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top