08:24 / 06.08.2020
12473

Ukraina MDH doirasida yana bir kelishuvdan chiqib ketdi

Ukraina Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi doirasida imzolangan yana bir kelishuvdan chiqib ketdi.

Foto: Izvestiya

Ukraina MDHga a'zo davlatlar chegara qo‘shinlarining ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risidagi kelishuvni tark etdi. Bu haqdagi qaror 5 avgust kuni Ukraina hukumatining yig‘ilishida qabul qilingan.

Ukraina Vazirlar Mahkamasi «MDHga a'zo davlatlar chegara qo‘shinlarining ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik bo‘yicha bitimidan chiqish to‘g‘risida»gi qarorni muhokama qilmasdan qabul qilgan.

2006 yil aprel oyida Moskvada imzolangan bu bitim MDHga a'zo davlatlar chegara qo‘shinlarining harbiy, gumanitar, ijtimoiy va texnologiyalarni rivojlantirish sohasida tadqiqotlar olib borishda o‘zaro hamkorlik qilishi bo‘yicha imzolangan. Shuningdek, bitimda chegaralarni himoya qilishning zamonaviy texnik vositalari, chegara qo‘shinlarining maxsus jihozlarini ishlab chiqishda MDH davlatlarining o‘zaro hamkorligi nazarda tutilgan.

Avvalroq Ukraina MDHga a'zo davlatlar moliyaviy razvedka bo‘linmalari rahbarlari kengashini tuzish to‘g‘risidagi kelishuvdan ham chiqib ketgan edi. Bundan tashqari, rasmiy Kiyev Rossiya Federatsiyasi bilan o‘zaro imzolangan terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi memorandumni ham bekor qilgan.

Top