18:14 / 07.08.2020
5587

Andijonda koronavirus bemorlari uchun 700 o‘rindan iborat zaxira joyi tayyorlab qo‘yildi

Olimpiya zaxiralari maktab-internati manejida tashkil etilgan 700 ta zaxira joylari (koykalari)ning barchasi tibbiy kislorod bilan ta'minlangan.

7 avgust kuni Andijon olimpiya zaxiralari maktab-internatida o‘quv-yig‘in mashg‘uloti o‘tkazildi. Unda viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, milliy gvardiya, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi hamda tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari ishtirok etdilar. Mashg‘ulot davomida virusga gumon qilingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning tezkor taktik holatlari o‘rganib chiqildi.

O‘quv mashg‘ulotida ishtirok etgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi va bemorlar uchun yaratilayotgan sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalarni berdi.

Andijon viloyatida koronavirus pandemiyasi davri uchun jami 13820 ta o‘rin zaxirasi tayyorlangan. Shundan 10200 ta o‘rin chetdan kirib kelayotgan va kasallikka gumon qilingan fuqarolarni 10 kunlik karantinda saqlab turishga mo‘ljallangan. Shuningdek, koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan bemorlarni davolash uchun 2590 o‘rinli 17 ta shifoxonani 10 avgustga qadar tayyor holatga keltirish rejalashtirilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi me'yorlariga ko‘ra, muassasalardagi o‘rinlarning 30 foizi tibbiy kislorod bilan ta'minlanishi belgilangan. Prezident topshirig‘iga asosan Andijon viloyatidagi 17 ta muassasaning barchasi 100 foiz tibbiy kislorod bilan ta'minlangan. Shu bilan birga favqulodda holatlar uchun 1619 o‘ringa mo‘ljallangan 10 ta joyda vaqtinchalik shifoxonalar tayyorlanmoqda.

Ayni vaqtda Andijon olimpiya zaxiralari maktab-internati manejida tashkil etilgan 700 o‘rinli zaxira joylari tayyor holatga keltirildi. Mazkur zaxira joylari (koykalari)ning barchasi tibbiy kislorod bilan ta'minlangan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top