17:56 / 08.08.2020
68674

AQSh fuqarolariga O‘zbekistondan ham pochta orqali sirli jo‘natmalar yuborilgan – Reuters

Ichida o‘simlik urug‘lari bo‘lgan sirli jo‘natmalar AQSh fuqarolariga O‘zbekistondan ham jo‘natilgan, deya xabar bermoqda Reuters.

Foto: USDA APHIS/Handout via REUTERS

Avvalroq AQSh, Portugaliya, Yangi Zelandiya va Buyuk Britaniyada yuzlab kishilar pochta orqali Xitoydan ichida g‘ayrioddiy jo‘natmalar olishgani haqida xabar berilgandi. Kichik shaffof paketchalar ichidan qora va oq rangdagi o‘simlik urug‘lari chiqqan. Holbuki jo‘natmalar ustiga ularning o‘yinchoq yoki bijuteriya ekani, oluvchilarning aniq manzili va ism-sharifi yozilgan.

Foto: USDA 

Ma'lum bo‘lishicha, Kanada va Yaponiyada yashovchilarga ham ana shunday urug‘li paketchalar yuborilgan. Ushbu fuqarolardan urug‘larga tegmaslik va ularni bolalar va hayvonlar topib ololmaydigan xavfsiz joyda saqlash so‘ralgan.

Reuters’ning yozishicha, AQSh fuqarolarni bunday jumboqli jo‘natmalar nafaqat Xitoydan, balki O‘zbekiston va Qirg‘izistondan ham borgan.

Foto: USDA APHIS/Handout via REUTERS
Foto: USDA APHIS/Handout via REUTERS

Qayd etilishicha, AQShning qator shtatlari, masalan, Michigan, Florida, Pensilvaniya va Missisipida Markaziy Osiyo davlatlaridan borgan jo‘natmalar qabul qilib olingani aniqlangan.

Floridadagi qishloq xo‘jaligi va iste'molchilarga xizmat ko‘rsatish xizmati ichida urug‘i bor 1209 ta jo‘natmani ro‘yxatga olgan.

«Ularning katta qismi Xitoydan yuborilgan, lekin jo‘natmalar orasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston pochta markalari tushirilgan paketlar ham bor», – deya xabar berishgan ushbu idoradagilar Reuters’ga.

Eslatib o‘tamiz, holat yuzasidan AQSh va Buyuk Britaniya allaqachon o‘z surishtiruvlarini boshlagan. Xitoy hukumati esa pochta stikerlari qalbaki ekanligini aytmoqda va tekshiruv o‘tkazish uchun AQSh pochta xizmatidan ushbu jo‘natmalarni berishini so‘ragan.

AQSh qishloq xo‘jaligi vazirligi sirli jo‘natmalarning yuborilishi Xitoy onlayn-do‘konlarida ishlovchi g‘araz niyatdagi sotuvchilarning firibgarlik sxemasi bo‘lishi mumkinligini taxminan qilmoqda.

Top