22:39 / 08.08.2020
11460

Bosh prokuratura Andijon va Sariosiyoda salkam 600 mln so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganini ma'lum qildi

Aniqlanishicha Andijon viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan 239,1 mln, Sariosiyo tumani XTB hisobchisi tomonidan 355,3 mln, umumiy hisobda 594,4 mln so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining Kun.uz’ga Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda 239,1 mln so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlanganini ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu pullar Andijon viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan haqiqatda ishlamagan xodimlarga oylik maoshi to‘lash hamda asossiz mukofot pullari va qo‘shimcha ustamalar to‘lab berish orqali o‘zlashtirilgan.

«Mazkur holat yuzasidan boshqarma mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda», deyiladi rasmiy ma'lumotda.

Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning bildirishicha, Sariosiyo tumani XTB hisobchisi 4 yil davomida ishlamagan o‘qituvchilarga ish haqi yozish orqali 355,3 mln so‘mlik budjet mablag‘larini o‘zlashtirgan.

«Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Sariosiyo tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman XTB hisobchisi X.K. tumandagi 27-sonli maktabda muqaddam ishlab ketgan fuqaro M.Q., N.T., O.E.lar va haqiqatda ishlamagan Sh.Q.ning nomlariga bank plastik kartasini rasmiylashtirib olib, 2016-2020 yillar davomida jami 355,3 mln so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan X.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining

167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda», deya Hayot Shamsuddinovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top