22:19 / 10.08.2020
6780

Britaniya koronavirusdan o‘limlar bo‘yicha kunlik statistikani e'lon qilishni to‘xtatmoqchi

Britaniya hukumati koronavirusdan vafot etganlar soni bo‘yicha kunlik statistikani e'lon qilishdan voz kechishi mumkin. Bu haqda The Telegraph nashri xabar berdi. 

Foto: AP

Angliyada 17 iyuldan buyon koronavirusdan vafot etganlar haqida kundalik statistik ma'lumotlar berilmay kelmoqda. O‘shanda mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu statistikaga koronavirusga chalinganidan keyin vafot etgan barcha fuqarolarni qo‘shib kelgani ma'lum bo‘lgandi. Ya'ni o‘limigacha bir necha oy oldin koronavirusga chalingani aniqlangan, biroq jiddiy alomatlar kuzatilmagan yoki virus yuqtirib olgach, yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lganlar ham qo‘shilgan.

Shotlandiya va Uelsda esa ushbu statistikaga o‘limigacha uzog‘i 3 hafta oldin koronavirusga chalingani aniqlangan marhumlargina qo‘shilgan.

Nashrning taxmin qilishicha, Britaniyada koronavirusdan vafot etganlar bo‘yicha kunlik hisobotlar boshqa e'lon qilinmaydi. Buning o‘rniga hukumat bunday hisobotni haftada bir marta berishni rejalashtirmoqda. Marhumlarni statistikaga kiritishda ularda koronavirus aniqlanganidan so‘ng vafot etgunigacha bo‘lgan vaqt hisobga olinishi kutilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top