17:47 / 10.08.2020
23462

Sudyalar oliy kengashiga yangi rahbar tayinlandi

Xolmo‘min Yodgorov Sudyalar oliy kengashining raisi etib tayinlandi.

Senatning tegishli qaroriga ko‘ra, Xolmo‘min Buvraboyevich Yodgorov O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisi etib tayinlandi.

O‘zA xabarida aytilishicha, shu munosabat bilan u o‘zi egallab turgan Oliy sud raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlash, eng malakali va mas'uliyatli mutaxassislar orasidan sudyalarni tayinlash, shuningdek rahbar sudyalik lavozimlariga ko‘rsatish uchun tavsiya berish asosida sudyalar korpusini shakllantirish;
  • sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
  • sudyalarni kasbiy tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni tashkil etish, sudyalarning faoliyati samaradorligini baholash, shuningdek ularni rag‘batlantirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish;
  • ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik olib borish, aholi bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, jismoniy va yuridik shaxslarning sudyalar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi masalalariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqish;
  • sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va yagona sud amaliyotini ta'minlash, odil sudlovga erishish darajasini va uni amalga oshirish sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi, shuningdek ularni jinoiy va ma'muriy javobgarlikka tortish uchun xulosa berish haqidagi masalani ko‘rib chiqish.

Kengash raisi:

  • Kengash faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi va Kengash zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
  • Kengashning majlislarini chaqiradi va unda raislik qiladi;
  • Kengash vakolatiga taalluqli masalalarni uning ko‘rib chiqishi uchun kiritadi;
  • davlat organlari, jamoat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarda Kengash nomidan ish ko‘radi;
  • Kengashning tegishli a'zolari lavozimiga tavsiya qilinayotgan nomzodlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritadi;
  • Kengashning ijro etuvchi devoni xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
  • Kengashning ijro etuvchi devoni xodimlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
  • Kengashning ijro etuvchi devoni xodimlariga mansab darajalarini beradi;
  • Kengashning xarajatlar smetasini tasdiqlaydi va moliya-xo‘jalik faoliyatiga tashkiliy rahbarlikni amalga oshiradi;
  • Kengash nomidan qarorlarni, taqdimnomalarni, majlislar bayonnomalarini va boshqa hujjatlarni imzolaydi.

Kengash raisi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Top