08:41 / 11.08.2020
6303

Koronavirus aniqlangan shaxslarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik shifoxonalar qator tuzilmalarga biriktirildi

Vazirlar Mahkamasining 4.08.2020 yildagi “Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 461-son qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Sog‘liqni saqlash vazirligining Zangiota tumanida ixtisoslashgan tibbiyot majmualari negizida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan maxsus "1-son Zangiota" va "2-son Zangiota" shifoxonalarini tashkil etish to‘g‘risida taklifiga rozilik berildi.
 
Norma’ning yozishicha, quyidagilar:

koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan maxsus "1-son Zangiota" va "2-son Zangiota" shifoxonalari tuzilmasi;

maxsus "1-son Zangiota" va "2-son Zangiota" shifoxonalarida bemorlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlarning normativlari tasdiqlandi.
 
Belgilanishicha, maxsus shifoxonalar:

Sog‘liqni saqlash vazirligining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi shaklidagi tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, mustaqil balansga hamda shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;

ushbu shifoxonalarning direktori va uning o‘rinbosarlari sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

malakali tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida boshqa tibbiyot muassasalaridan tibbiyot xodimlari, yordamchi va texnik xodimlarni jalb qilish huquqiga ega.
 
Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasini yuqtirgan shaxslarni davolash maqsadida tashkil etiladigan vaqtinchalik shifoxonalar quyidagi muassasa va tuzilmalarga biriktiriladi:

O‘zbekiston gimnastika federatsiyasining "Universal" sport majmuasida (750 o‘ringa mo‘ljallangan) -  IIVning markaziy gospitaliga;

"O‘zekspomarkaz" MKK AJ 1 va 2-son pavilonida (814 o‘ringa mo‘ljallangan) - Mudofaa vazirligining markaziy harbiy klinik gospitaliga;

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning "Nazarbek" sog‘lomlashtirish maskanida (350 o‘ringa mo‘ljallangan) - Milliy gvardiya va "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJga;

Yoshlik sport majmuasida (520 o‘ringa mo‘ljallangan) - DXXning markaziy harbiy gospitaliga;

"O‘zekspomarkaz" MKK AJ 3 va 4-son pavilonida (1000 o‘ringa mo‘ljallangan), Sergeli tumanidagi 2-son Bolalar va o‘smirlar sport maktabida (250 o‘ringa mo‘ljallangan), Olimpiya zaxiralari sport saroyida (500 o‘ringa mo‘ljallangan) - Toshkent shahar hokimligiga.
 
Shuningdek, qarorda maxsus va vaqtinchalik shifoxonalar faoliyatini tashkil etish, asbob-uskunalar, dori vositalari bilan ta'minlash, moliyalashtirish va moddiy-texnik ta'minlash, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi yozilgan.
 
Markaziy va oilaviy poliklinikalar negizida tashkil etiladigan maxsus poliklinikalar ("COVID markaz") xodimlarining lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar o‘rniga quyidagi miqdorlarda har oylik moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari belgilandi:

vrach xodimlarga - 2,5 mln so‘m;

o‘rta tibbiyot xodimlariga - 1,5 mln so‘m;

kichik tibbiyot xodimlariga - 1 mln so‘m;

boshqa xodimlarga - 500 ming so‘m.
 
Ambulator poliklinikalar qoshida tashkil etilgan mobil brigadalar xodimlariga tungi vaqtda va bayram kunlari ishlaganligi uchun nazarda tutilgan miqdorlarda haq to‘lanishi nazarda tutilmoqda.
 
Shifoxonalar, bemorlar bilan aloqa qiladigan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun Prezidentning "Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" 2020 yil 26 martdagi PQ-4652-son qaroriga muvofiq maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanadi.  Shifoxonalar rahbarlariga mazkur to‘lovlarni zaruratga qarab, kunbay tarzda to‘lash huquqi berildi.
 
Transport vazirligiga sog‘ayib chiqqan bemorlarni hamda shifoxonalarning tibbiyot xodimlarini tashish uchun kerakli miqdorda avtobuslar ajratish topshirildi.
 
Bojxona qo‘mitasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida muruvvat yordami tariqasida yuborilgan va lozim darajada rasmiylashtirilmagan homiylik yordami va yuklarni istisno tariqasida, bojxonadan chiqarilishi va taqsimlanishi bo‘yicha zarur amaliy yordam ko‘rsatish topshirildi.
 
Hujjat 4.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid
Top