18:37 / 11.08.2020
10147

Namanganda «temir daftar»ga kiritilgan aholi vakillarini ish bilan ta'minlash qay tariqa yo‘lga qo‘yilgan?

Qaysidir oilaning «Temir daftar»ga kiritilishiga xonadonda mehnatga layoqatsiz nogironligi bo‘lgan fuqarolar yoki surunkali kasallikka chalingan oila a'zolarining mavjudligi ham sabab bo‘lishi mumkin. Pandemiya sharoitida mana shunday sharoiti og‘irlashgan oilalarga mutasaddilar alohida e'tibor qaratishlari, ularga xayriya yordamlari berish bilan birga daromad manbayi yaratishlari ham zarur.

To‘raqo‘rg‘onga tashkil etilgan press-tur davomida tumanning Majnuntol mahallasi oqsoqoli Abdulhamid Azlarov bilan ana shunday xonadonlarning birida bo‘ldik.

Xonadon sohibi Ulug‘bek Nabiyev ikki tomonlama buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigani sabab, haftada uch marta kasalxonaga borib gemodializ oladi. Ishga layoqatsiz. Oila «Temir daftar»ga kiritilgan. Tuman hokimligi, mahalla tadbirkorlari tomonidan xayriyalar berib kelinmoqda.

Oilaning boshqa a'zolari sog‘lom, mehnatga layoqatli. Ayoli Shohida Umarova chevarchilikni yaxshi egallagan, yakka tartibda mahallaning buyurtmalarini tikib keladi. Mutasaddilar oilaning daromadini ko‘tarish uchun Shohidaxonga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinalari olib berib, uyida kichik sex tashkil etishga ko‘mak berishdi.

«Shohidaxon – usta chevar. Boshqa kattaroq o‘lchamli joy bersak, bemalol 20-30 nafar shogirdni o‘qitib, hunar o‘rgata oladi. Lekin bemor eri doimiy nazoratga muhtoj. Shuning uchun ish joyini uyining o‘zida tashkil qildik», deydi mahalla oqsoqoli.

Buning ortidan oilaning ikki qizi va qo‘shni ayollar ham ishli bo‘ldi. Mahalladagi bir guruh maktab bitiruvchilari esa hunar o‘rganmoqda.

O‘rtaqishloq MFYda pandemiyaning ilk kunlarida ro‘yxatga olingan 20ta oila «Temir daftar»dan chiqarilgan. Mahallada hunarmandchilik keng yoyilgan. Ko‘p xonadonlar milliy qandolatchilik, mebelsozlik bilan shug‘ullanadi.

Mahalladagi ro‘yxatda mavjud Tojiboyeva Jamilaxon opa xonadonida bo‘ldik. Onaning har yili chet elga ishlagani chiqib ketadigan o‘g‘li, kelini ishsiz qolib qiyinchilikda qolgan.

MFY tomonidan kelin Ziyodaxon Tojiboyeva jamoatchilik asosida ishga qabul qilingan. O‘g‘liga Ilhom Tojiboyevga esa ishlab chiqarish korxonasidan ish topib berishibdi. O‘tgan hafta oilaga sog‘in sigir berilibdi. Oila tez orada «Temir daftar»dan chiqarilishi kutilmoqda.

Beruniy mahallasidagi umurtqa churrasi bilan kasallangan Hoshimboy Hojiyevning oilasida 7 nafar kishi istiqomat qilar ekan. Kambag‘alchilikda yashayotgan oilaning boshlig‘i jamoatchilik asosida ishga kiribdi. Ikki nafar farzandi tekstil fabrikasiga ishga joylangan, oilaga kredit asosida uch bosh qo‘y va «Sherbek krolik» klasteri tomonidan quyonlar berilgan.

Tuman hokimi Zulayho Mahkamova bilan birgalikda Oqtosh mahallasidagi sanoat hududiga bordik.

«Oqtosh tekstil» korxonasida ayni paytda 250 nafar qishloq yoshlari ishlab kelmoqda. Fabrikada sochiqlar ishlab chiqarilib, yuz foiz chetga eksport qilinadi.

«Pandemiya davrida tuman hokimligi bilan hamkorlikda harakat qilyapmiz. Yaqin qishloqlardagi ehtiyojmand oilalarning yaqin 50 nafar a'zolarini ishga oldik. Bizda ishchilar uchun barcha sharoitlar yetarli. Ishga borib-kelish uchun transport, bepul tushlik tashkil qilingan. Ayni paytda ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish maqsadidamiz. Qurilishlarimiz yakuniga yetsa, yana mingta ish o‘rni yaratiladi», – deydi korxona rahbari Odiljon Fayziyev.

Korxonadagi ish jarayoni bilan tanishish asnosida ishchi qizlar bilan suhbatlashdik. Chevar qiz Saidaxon Hakimova Qurama qishlog‘idan ekan. «Bir yildan beri ishlayman. Sharoit va maosh meni qoniqtiradi», deydi u.

So‘ng paxta tolasi ishlab chiqaruvchi «FT TEXTIL» korxonasida bo‘ldik. Mazkur sanoat sub'yekti ham pandemiya paytida mahalliy aholi vakillarini ish va daromad bilan ta'minlamoqda.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid
Top