15:26 / 11.08.2020
30307

«O‘zbekiston Rossiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinalarni o‘rganmoqda» – shtab a'zosi

Bugun, 11 avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda koronavirusga qarshi vaksina bo‘yicha olib borayotgan muzokaralar yuzasidan axborot berildi.

Foto: TASS

«Ayni kunlarda Rossiya va Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan vaksinalar yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilyapti. Bugun ham Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan vaksinaning qo‘llanish jarayoni va samarasi xususida xitoylik va o‘zbek mutaxassislari videokonferensiya orqali fikr almashishdi. Bu muzokaralar natijasidan kelib chiqqan holda mamlakatda vaksinani qo‘llash darajasini hukumatga ma'lum qilamiz», dedi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Rustam Ikromov.

Shuningdek, u Xitoyda koronavirusga qarshi ishlab chiqarilgan «Lyanxua Tsinven» dorisi qay darajada samaradorligi bo‘yicha izoh berdi.

«Bu dori vositasi O‘zbekistonga xayriya sifatida Xitoydan yuborilgan. U bizda tegishli me'yorlar asosida o‘rganib chiqilgan va tarkibidagi ta'sir ko‘rsatuvchi faol moddalar yuzasidan kerakli xulosa olingan. Hozirda mazkur dori vositasidan Zangiotadagi shifoxonada koronavirus bemorlarini davolashda foydalanilmoqda», deya Ikromovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 4 avgust kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda  vaksina xarid qilish va aholi vaksinatsiyasini amalga oshirish yo‘llarini puxta o‘rganib chiqish topshirig‘i berilgan edi.

Bugun, 11 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin dunyoda koronavirusga qarshi birinchi vaksina Rossiyada ro‘yxatga olingani haqida xabar berdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top