10:29 / 12.08.2020
25949

Tramp dunyodagi bosh muammoni ma'lum qildi 

Ayni vaqtda dunyodagi eng muhim muammo Rossiya bilan yadro quroli bo‘yicha shartnoma tuzish hisoblanadi. Bunday fikrni AQSh prezidenti Donald Tramp aytib o‘tdi.

Foto: Reuters

“Biz ayni vaqtda Rossiya bilan yadro qurollanishi paktini tuzish ustida ish olib bormoqdamiz. Bu hozirgi kunda dunyodagi eng katta muammo hisoblanadi”, deb aytgan Tramp Xyu Xyuitt radioshousi efirida.

AQSh prezidenti “Rossiya kelishuvga erishilishini juda istayotgani” va shu sababli buni “paysalga solmasligini” aytgan. 

2019 yil oktyabrida Tramp AQSh, Rossiya va Xitoy muddati 2021 yil fevralida tugaydigan Rossiya va AQSh o‘rtasidagi ikki tomonlama DSNV (SNV-3) shartnomasi o‘rniga yadro qurolini ishlab chiqishni cheklovchi uch tomonlama yangi shartnomani tuzishi kerakligini aytgan. Pekin esa bu masala bo‘yicha Moskva va Vashington bilan muzokaralarda ishtirok etmasligini ta'kidlab kelmoqda. 

Tramp intervyu vaqtida Rossiyaga nisbatan avvalgi prezident Barak Obamadan ko‘ra qat'iyroq pozitsiyaga egaligini yana bir bor ta'kidlab o‘tgan.

“Men NATOni o‘zini Rossiyadan himoyalashi uchun 400 mlrd dollar ko‘proq to‘lashga majbur qildim. Obama esa hech narsa olmagan, u faqatgina kamaytirgan [NATO davlatlarining mudofaaga xarajatlarini]”, deb ta'kidlab o‘tgan Tramp.  

Strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha DSNV shartnomasi Rossiya va AQSh tomonidan 2010 yilda imzolangan. U yangi shartnoma bilan almashtirilmasa, 10 yil davomida, ya'ni 2021 yil 5 fevraligacha kuchda qoladi. Hujjat ikki tomonning roziligi bilan yana ko‘pi bilan 5 yilga, ya'ni 2026 yilgacha uzaytirilishi mumkin. Moskva Vashingtonni shartnomani uzaytirish masalasini hal qilishni cho‘zmaslikka chaqirmoqda. 

Rossiya va AQSh 16-18 avgust kunlari Venada strategik barqarorlik bo‘yicha maslahatlashuvlarning yangi raundini o‘tkazadi. 

Mavzuga oid
Top