08:11 / 13.08.2020
13477

Dunyodagi eng keksa milliarderlardan biri vafot etdi

11 avgustda Los-Anjyelesda dunyodagi eng keksa milliarderlardan biri, amerikalik mediamagnat, ViacomCBS mediakorporatsiyasi faxriy raisi Samner Redstoun 98 yoshida vafot etdi. Mediamagnatning vafotiga nima sabab bo‘lgani ma'lum qilinmagan.

Foto: Reuters

ViacomCBS rahbari Bob Bekishning ta'kidlashicha, Redstoun yakka o‘zi avtokinoteatrlar oilaviy biznesini yirik mediakorporatsiyaga aylantira olgan. U o‘z ortidan nafaqat biznesda, balki xayriya sohasida ham yirik meros qoldira olgan. Milliarder hayoti davomida turli maqsadlar uchun 260 mln dollar xayriya qilgan. 

Redstoun unga tegishli National Amusemens kompaniyasi 1987 yilda Viacom’ni sotib olgandan keyin 30 yil davomida uning direktorlar kengashi raisi bo‘lgan. 2000 yilda Viacom CBS Corporation bilan birlashgan. Kompaniyalar 2005 yilda qayta bo‘linganda u ikkala kompaniyaning direktorlar kengashi raisi lavozimini egallagan. 2016 yilda u faxriy rais lavozimini egallagan. 

2019 yilda CBS Corp. va Viacom Inc. birlashish haqida kelishuvga erishgan va natijada ViacomCBS Inc. kompaniyasi tashkil etilgan.

Viacom Redstoun rahbarligida MTV mediakompaniyasi va Paramount Pictures kinostudiyasini sotib olgan. Ayni vaqtda ViacomCBS tarkibiga MTV, Nickelodeon, Comedy Central, Showtime va boshqa bir qator telekanallar kiradi. Kompaniya AQShda eng katta tomoshabinlar auditoriyasiga ega. 

Milliarderning boyligi 3,9 milliard dollarga baholangan.

Top