21:22 / 13.08.2020
8521

Facebook 500 milliard dollarlik jarimaga tortilishi mumkin 

Foto: Reuters

Facebook kompaniyasi Instagram ijtimoiy tarmog‘ining 100 mlndan ko‘proq foydalanuvchisi haqidagi ma'lumotlarni noqonuniy yig‘ishda ayblanmoqda. Shu sababli kompaniyaga 500 mlrd dollarlik jarima solinishi mumkin, deb xabar berdi Business Insider nashri.   

Kompaniya ustidan Illinoys shtati sudiga shikoyat arizasi topshirilgan. Arizada keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Instagram’da yuzni tanish tizimi qo‘llanadi. U “yuz shabloni”ni yaratib, keyin uni o‘z ma'lumotlar bazasida saqlaydi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilar suratlarida Instagram’dan foydalanmaydigan odamlar yuzini ham avtomatik skanerlashda ayblanmoqda.

“Facebook Instagram foydalanuvchilarining himoyalangan biometrik ma'lumotlarini yig‘ganda, u bu ma'lumot bilan turli servislarda bo‘lishadi”, deb aytilgan arizada. Kompaniya, shuningdek, bunday xatti-harakatlaridan foydalanuvchilarni ogohlantirmaganlikda ayblanmoqda.

Kompaniya ushbu ayblov bo‘yicha har bir foydalanuvchiga 5 ming dollargacha kompensatsiya to‘lashi mumkin.

Biroq Facebook vakili Stefani Otuey arizada keltirilgan ayblovlarni rad etgan va shikoyatni asossiz deb atagan, chunki Instagram’da yuzni tanish texnologiyasidan foydalanilmaydi.

Avvalroq Facebook xuddi shunga o‘xshash ayblov bo‘yicha Illinoys shtati qonunlariga ko‘ra sudlangan. Kompaniya Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari roziligisiz ularda yuzni tanish tizimini qo‘llaganlikda ayblangan. Facebook yanvarda ushbu ishni hal qilish uchun 550 mln dollar to‘lashga rozi bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top