16:17 / 13.08.2020
55635

Putin «ilk koronavirus vaksinasi» deb atagan «Sputnik V» haqida nimalar ma'lum?

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin koronavirusga qarshi vaksina tadqiqotlari muvaffaqiyatli yakunlanganini e'lon qildi. Shu tariqa Putin Rossiya birinchi bo‘lib koronavirus vaksinasini tayyorlaganini ma'lum qildi. Vaksina «Sputnik V» nomini olgan. Sputnik 1957 yilda kosmosga uchirilgan birinchi covet yo‘ldoshining nomi edi.

Foto: Mixail Djaparidze/TASS

Shuningdek, Putin vaksinani ommaviy ishlab chiqarishni tez orada boshlash maqsad qilinganini va vaksina o‘zining qizida ham sinab ko‘rilganini aytdi. «Men vaksina juda yaxshi ishlashini va kuchli immunitetni yaratishini bilaman. Vaksina barcha zarur tekshiruvlardan o‘tdi», dedi u.

Rossiya oktabr oyida mamlakatda koronavirusga qarshi ommaviy emlash kampaniyasini boshlashni rejalashtirmoqda. Birinchi bo‘lib shifokorlar va o‘qituvchilar emlanadi. Vaksina bepul bo‘ladi va u bilan bog‘liq xarajatlar mamlakat budjeti tomonidan qoplanadi.

Xo‘sh, ba'zi mutaxassislar tomonidan shubha bildirilayotgan Rossiya vaksinasi haqida nimalar ma'lum?

«Beshdan ortiq mamlakat vaksinamizni ishlab chiqarishni xohlamoqda»

Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov TASS agentligiga bergan intervyusida aytishicha, Gamaleya institutining Vladimir, Yaroslavl va Moskva oblastlaridagi uchta korxonasi Generium, R-Pharm ve Binnopharm bilan ommaviy ishlab chiqarish ustida ish olib bormoqda. Manturov, shuningdek, vaksinani ommaviy ishlab chiqarish sentabr oyi boshida boshlanishini bildirgan.

Manturovning so‘zlariga ko‘ra, bu yil har oyda «bir necha ming doza» vaksinasi ishlab chiqariladi. 2021 yilga borib, Rossiya kompaniyalari Gamaleya institutining bir necha million dozasini ishlab chiqaradi.

Dmitriyev «Rossiya-24» telekanaliga bergan intervyusida esa dunyoning 20dan ortiq mamlakati ushbu vaksinaga qiziqish bildirganini ma'lum qildi. «Hozirda kamida besh davlat Rossiya vaksinasini biz bilan ishlab chiqarishni boshlash uchun faol ishlamoqda», dedi u.

Farmatsevtika kompaniyalaridan shoshilmaslik so‘raldi

RBK nashri xabariga ko‘ra, Rossiya klinik tadqiqotlar muassasalari uyushmasi (ACOI) Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashkoga rasmiy bayonotni klinik sinovlarning uchinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlanmaguncha kechiktirib turishni so‘rab maktub yo‘llagan.

Uyushma direktori Svetlana Zavidova imzosi bilan yuborilgan mazkur maktubda vazirlikning keksalarni emlashni boshlash to‘g‘risidagi qarorga ishora qilingan va keksalarning xavfsizligiga doir ma'lumotlar yo‘qligi ta'kidlangan.

Bloomberg bilan suhbatda Zavidova Rossiyada emlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar haqida quyidagilarni ma'lum qilgan edi.

«Ishonchliligi isbotlanmagan vaksina odamlarga yuborilganda nima bo‘lishini bilmaymiz. Bu Pandora qutisiga tegishli masala», deya hukumatni keskin ogohlantirgan u.

Rossiyada ikkita vaksina tadqiqoti mavjud

Rossiya ikkita Covid-19 vaksinasi ustida ishlamoqda. Shulardan biri Vektor davlat virusologiya va biotexnologiya ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqilgan vaksinadir.

Ikkinchisi esa Putin e'lon qilgan Gamaleya ilmiy-epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot instituti va Rossiya mudofaa vazirligi tomonidan ishlab chiqarilgan vaksina.

TASS agentligi tomonidan 1 avgust kuni e'lon qilingan xabarda Gamaleya ilmiy-tadqiqot instituti vaksinasi Gam-COVID-Vac Lyo’ning insonlardagi sinovlari yakunlangani ma'lum qilingandi.

Keyinchalik e'lon qilingan yana bir yangilikda Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya fondi (RDIF) prezidenti Kirill Dmitriyevning Gam-COVID-Vac Lyo vaksinasi haqidagi fikrlari berildi.

«Gam-COVID-Vac Lyo bilan emlangan odamlarda birinchi doza qabul qilingandan keyingi 21-kunda immunitet rivojlandi», deb bayonot bergan Dmitriyev.

Uning ta'kidlashicha, ikkinchi inʼeksiyani qabul qilgandan keyin ishtirokchilarning immuniteti ikki baravar oshgan.

Munozaralar davom etmoqda

Rossiyaning vaksina sinovlari bilan bog‘liq hech qanday xulosalarni e'lon qilmagani sog‘liqni saqlash doiralarida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ba'zi ekspertlar Rossiya odamlarni xavf ostiga qo‘yib, tezkor yorliqlarni olib, jarayonni tezkor ravishda amalga oshirayotganidan xavotirda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham Rossiyadan «xavfsiz va samarali vaksina»ni ishlab chiqarish uchun o‘rnatilgan qoidalarga amal qilishni so‘ragan.

«Ba'zida tadqiqotchilar biror-bir narsani topishni da'vo qilishadi, bu haqiqatan ham ajoyib yangilik. Ammo ishga yaraydigan vaksinani topish yoki u haqida ma'lumotga ega bo‘lish va ularning barchasini qayta ko‘rib chiqishning o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor», dedi JSST vakili Kristian Lindmayyer matbuot anjumanida.

AQSh allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori, doktor Entoni Fauchi ham shubha bildirgan. «Xitoyliklar va ruslar vaksinani har qanday odamda qo‘llashdan oldin haqiqatan ham uni sinab ko‘rishgan deb umid qilaman», degan u.

AQSh tashqi aloqalar kengashining sog‘liqni saqlash bo‘yicha global dastur direktori Tomas Bollikiy esa Associated Press agentligiga bergan intervyusida vaksina ishonchli bo‘lib chiqmasligi oqibatlari haqida gapirgan. «Noto‘g‘ri shaklda sinovdan o‘tkazilgan vaksinalar sog‘liqqa salbiy ta'sir ko‘rsatish barobarida soxta ishonch tuyg‘usini ham keltirib chiqarishi mumkin. Bundan tashqari, u boshqa vaksinalarga bo‘lgan ishonchni ham pasaytirishi mumkin», dedi u.

Rossiya sog‘liqni saqlash komissiyasi rahbari Anna Popova esa 2 avgust kuni «Rossiya-1» telekanaliga bergan intervyusida vaksina xavfsiz va samarali bo‘lishiga shubha qilmasligi, immunitet barqaror va doimiy bo‘lishiga umid qilishini aytgandi.

Rossiya Mudofaa vazirligi ham bu masalada bayonot bergan. «Tadqiqotlar vaqtini qisqartirishga urinishlarsiz, tug‘ilishi mumkin bo‘lgan xavfning oldini olish uchun ko‘ngillilar ustida amaldagi qonunchilik va ilmiy uslubiy qoidalarga to‘la muvofiq holda sinovlar o‘tkazildi», deyiladi bayonotda.

«Kiberhujum» da'vosi

Iyul oyida Buyuk Britaniya, AQSh va Kanada xavfsizlik xizmatlari rus hakerlari Covid-19 vaksinasini ishlab chiqishda ishtirok etayotgan turli tashkilotlarga ma'lumot o‘g‘irlash maqsadida hujum uyushtirganini e'lon qilishgandi.

Buyuk Britaniya Milliy kiberxavfsizlik markazi (NCSC) The Dukes yoki Cozy Bear nomi bilan ma'lum APT29  guruhining Rossiya razvedka xizmatlariga tegishli ekani bilan bog‘liq ehtimollar 95 foizdan yuqoriligini ta'kidlagan.

Rossiyaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Andrey Kelin BBC’ga bergan intervyusida «buning hech qanday ma'noga ega emasligi»ni aytib, ayblovni rad etgandi.

Ma'lumot o‘rnida qayd etish joiz, Angliyaning Oksford universiteti tomonidan ishlab chiqilgan vaksina sinovlari u immunitetni oshirishi mumkinligini ko‘rsatgandi. AstraZeneca kompaniyasi bilan Buyuk Britaniyada 100 million dozani ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolagandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top