15:44 / 13.08.2020
2712

Xalqaro ekspert mahallalarda masofaviy ta'limga ko‘maklashish markazlarini tashkil etishni taklif qildi

An'anaviy avgust kengashida YUNISEF eksperti Mariya Toro-Trokonis O‘zbekiston maktab o‘quvchilari uchun mahalla binolarida masofaviy ta'limni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi markazlar («Mahalla hub») tashkil qilish taklifini berdi.

Mariya Toro-Trokonis darslar televideniye orqali namoyish qilinganda bir necha farzandi o‘quvchi bo‘lgan oilalarda uyda faqat bitta televizor bo‘lgani tufayli televizion darslarni ko‘rish va o‘zlashtirishda muammolar kuzatilganini ma'lum qildi.

«Darsni namoyish etilayotgan vaqtda ko‘rish imkoniga ega bo‘lgan o‘quvchilarda ham 20 daqiqalik darsni to‘liq o‘zlashtirishga qiynalgan holatlar ham bo‘lgan. Bunga o‘qituvchilarning tez gapirishi yoki o‘quvchilarning mavzuni turli tezlikda o‘zlashtirishi va ularning xuddi sinfxonadagidek muallimga savol bilan murojaat qila olmasliklari ham sabab bo‘lishi mumkin.

Bu jihatga yechim sifatida mahalla binolarida markazlar («Mahalla hub») tashkil qilish mumkin. Markazlar masofaviy ta'limni rivojlantirishga yordam beradi. Mavjud texnikalar yordamida markazlarda o‘quvchilar turli videodarslar va tarqatma materiallardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Shuningdek, o‘qituvchilar turli tarqatma materiallar tayyorlashi, maxsus biriktirilgan xodim esa ularni ko‘paytirishi va bu materiallar o‘quvchilarga mahalla markazlarida tarqatilishi mumkin. Shuningdek, o‘quvchilarning uy vazifalarini biriktirilgan xodim o‘qituvchilarga yetkazib berib, baholatishgach yana o‘quvchilarga tarqatishini ham yo‘lga qo‘yish mumkin», deya taklif berdi Mariya Toro-Trokonis.

Xalqaro ekspert telegram ijtimoiy tarmog‘idan dars o‘tishda samarali foydalanishni ham taklif sifatida bildirgan. Telegramda ham ma'lumot almashishdan tashqari turli so‘rovnomalar, boshqotirmalar o‘tkazish, mavzular muhokamasini tashkil qilish orqali bolalarning darsga faol qatnashishlariga erishish imkoni borligi qayd etilgan.

Mavzuga oid
Top