13:08 / 13.08.2020
7468

Xalqaro mehnat tashkiloti maslahatchisi: «O‘zbekiston majburiy mehnatga qarshi kurashda g‘alaba qozonmoqda»

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning katta texnik maslahatchisi Yonas Astrup O‘zbekistonning majburiy mehnatga barham berish borasidagi yutuqlari haqida fikr bildirdi.

O‘zining Twitter’dagi sahifasida Y. Astrup O‘zbekistonda majburiy mehnat yo‘q bo‘lib ketayotgani haqida xabar joylashtirdi.

«O‘zbekiston majburiy mehnatga qarshi kurashda g‘alaba qozonmoqda! XMT, Jahon banki, Yevropa ittifoqi, Shveytsariya, AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatga qarshi ishonch telefoni kabi samarali yechimlarini qo‘llab-quvvatlaydi», - deyildi Y. Astrupning xabarida.

Shuningdek, tvitda ta'kidlanishicha, mehnat huquqlarining buzilishi bo‘yicha Davlat inspeksiyasining dmi.mehnat.uz sayti, 1176 ishonch telefoni va @mehnathuquqbot Telegram-boti orqali xabar berish mumkin.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning majburiy mehnatga barham berish borasidagi yutuqlari xalqaro tashkilotlar va xorijiy sheriklar tomonidan keng e'tirof etilmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlar qo‘mitasi, AQSh Davlat departamenti va boshqalarning ma'ruzalarida respublikaning ijobiy yutuqlari qayd etilgan. 

Avvalroq, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo O‘zbekistonda majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga baho bergandi.

U ushbu muammoga qarshi kurashda butun mintaqa uchun namuna bo‘lgan O‘zbekistonning sa'y-harakatlarini alohida ta'kidlab o‘tdi.

«Markaziy Osiyoning ba'zi mamlakatlari odamlarni paxta sanoati va boshqa sohalarda ishlashga majburlash bo‘yicha uzoq tarixga ega. O‘zbekistonning sa'y-harakatlari mintaqa davlatlari uchun ushbu muammoga qarshi kurashning yangi standartlarini namoyish etmoqda», - dedi Pompeo.

Top