11:26 / 14.08.2020
7759

Turoperatorlar va turagentlarning faoliyat yuritish tartibi belgilandi

O‘zbekistonda kirish va ichki turizmni rivojlantirish uchun Axborot markazlari ham tashkil etiladi.

Foto : KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining 10.07.2020 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 433-son qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Turoperator va turagentlik xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom (1);
  • Turizm axborot markazlarini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizom (2).

Nizomga (1) muvofiq, turoperatorlar va turagentlar turistik faoliyatini vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiradi. Turoperatorlarning xizmatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirilishi lozim.

Turoperator va (yoki) turagent xizmatlari mijoz bilan xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzilgandan keyin ko‘rsatiladi.

Turoperatorlar va turagentlar o‘z turoperatorlik va (yoki) turagentlik xizmatlarini buyurtmachiga ma'qul shaklda ko‘rsatadilar. Ular o‘z firma nomi, joylashgan joyi (pochta manzili) va ish tartibi to‘g‘risidagi ma'lumotlarning turistlar (ekskursantlar)ga yetkazilishini ta'minlaydilar. Turoperator va turagent ish faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan taqdirda turistga (ekskursantga) faoliyatini vaqtincha to‘xtatish muddati haqida ma'lumot berishi shart.

Turoperator va (yoki) turagent buyurtmachiga turistik mahsulot to‘g‘risida zarur va ishonchli ma'lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etishni ta'minlaydi. U haqdagi ma'lumotlarda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

  • turni amalga oshirish uchun rioya qilish zarur bo‘lgan tibbiy rasmiyatchiliklar, shu jumladan turistning (ekskursantning) turda ishtirok etishiga monelik qilishi mumkin bo‘lgan ma'lum kasalliklar, xususan ularning jismoniy holati va yoshiga xos xususiyatlar;
  • bojxona, chegara va boshqa qoidalar (sayohat qilish uchun zarur bo‘lgan hajmda);
  • kirish va chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish uchun asosiy talablar (vaqtincha bo‘lish mamlakati (joyi)ga kirish va chiqish vizasi);
  • vaqtincha bo‘lish mamlakati (joyi)ning milliy va diniy xususiyatlari;
  • boshqa sayohat xususiyatlari.

Nizomda turoperatorlar va turagentlar xizmatlaridan foydalanishning boshqa shartlari, shuningdek ularning huquq va majburiyatlari ham keltirilgan.

Nizomda (2) turistik axborot markazlarini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibi va shartlari belgilangan.

Turistik axborot markazlari:

  •  O‘zbekistonda kirish va ichki turizmni rivojlantirish, uning turistik salohiyati to‘g‘risidagi axborotni shakllantirish va tarqatishga ko‘mak berish maqsadida;
  •  O‘zbekiston ma'muriy-hududiy birliklari hududida turizm resurslari, turizm sayohat yo‘nalishlari, turizm zonalarining mavjudligi va o‘ziga xosligini hisobga olgan holda tashkil qilinadi.

Quyidagilar turistik axborot markazlarining vazifalari hisoblanadi:

  • sifatli axborot xizmatini ko‘rsatish, turist va ekskursantlar xohish va istaklarini aniqlash;
  • O‘zbekiston turizm salohiyatini mamlakat ichida va chet elda targ‘ib qilish;
  • turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • O‘zbekiston milliy madaniyati, an'ana va yutuqlarini targ‘ib etish;
  • turistlarga sayohat uchun birinchi navbatdagi xizmatlar va tovarlarni taqdim qilish.

O‘zlariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida turistik axborot markazlari quyidagi funksiyalarni amalga oshiradilar:

  • xalqaro tashkilotlar, davlat organlari va tashkilotlari, turizm sohasi sub'yektlari va ishtirokchilari bilan hamkorlik qilish;
  • O‘zbekistondagi diqqatga sazovor joylar, san'at, tarix va arxitektura yodgorliklari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, turizm obektlari, taklif qilinayotgan ekskursiyalar, ommaviy-madaniy tadbirlar, ko‘rgazma, festival, transport harakati jadvallari hamda turizm sohasi sub'yektlari va ishtirokchilari uchun zarur boshqa dolzarb va tezkor ma'lumotlarni zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda taqdim etish;
  • O‘zbekiston va hududlarining turizm salohiyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash;
  • O‘zbekiston Respublikasi va uning turizm salohiyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni shakllantirish va tarqatish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish va boshqalar.

Nizomda quyidagilar ham qayd etilgan:

  • turistik axborot markazlarini tashkil etish va ularning reyestrini yuritish tartibi;
  • markazlarning atrof hududi, bino va ish rejimiga bo‘lgan talablar;
  • pullik va bepul xizmatlar ko‘rsatish;
  • statistik hisob yuritish.

Hujjat 10.07.2020 yildan kuchga kirgan.

Top