20:49 / 15.08.2020
14657

«Odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirish kerak» – Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda gender tenglikni ta'minlash haqida

Oliy Majlis Senati raisi, Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda gender tengligini ta'minlash masalasi xususida fikrlarini bildirdi.

Foto : KUN.UZ/Arxiv

Norboyevaning fikricha, gender tengligini o‘rnatishni odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirishdan boshlash lozim.

«Gender tengligini ta'minlaymiz desak, odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirish kerak. Bizda erkaklar ayolga qattiq gapirsa ham, kuch ishlatsa ham bu zo‘ravonlik emas, oddiy holat, «er bo‘lgandan keyin uradi-da» degan qarash shakllangan bo‘lishi mumkin. Bunday munosabatning noto‘g‘ri ekanligini tushuntirishimiz kerak.

Gender tengligi mavzusi bo‘yicha tushunchalar berishni o‘quv dasturlariga kiritish masalasi ko‘rilmoqda. Maktabgacha ta'limdan tortib oliy ta'limgacha gender tengligi mavzusi bilan yoshlar tanishtirib boriladi, shunda yangi avlodda mulohaza yo‘nalishi, stereotiplar o‘zgaradi.

Allaqachon shakllangan odamni o‘zgartirish qiyin. O‘g‘il bolalar ta'limning erta bosqichidanoq gender tengligi prinsipi bo‘yicha tarbiyalansa, yangicha qarashlarga ega bo‘lgan avlod shakllanadi», dedi Norboyeva Gender tenglikka erishish strategiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Avvalroq Gender tenglikka erishish strategiyasi yakuniy muhokamadan o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur strategiya 2030 yilgacha O‘zbekistonda gender tengligiga erishish uchun bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarni ko‘zda tutadi.

Top