00:25 / 15.08.2020
63025

O‘zbekistonda bir oy davom etgan qat'iy karantin yumshatildi. Nimalarga ruxsat berilmoqda?

O‘zbekistonda pandemiyaga qarshi kurashish tadbirlari navbatdagi bosqichga o‘tdi. 10 iyuldan boshlab joriy qilingan va 35 kun amalda bo‘lgan ikkinchi qat'iy karantin 15 avgustdan boshlab butun respublika miqyosida yumshatilmoqda.

Toshkent metrosi 22 martda yopilgan edi.

Mamlakatda koronavirus o‘chog‘i – poytaxt Toshkentda 15 avgust soat 06:00dan bir necha oylik tanaffusdan so‘ng metropoliten odatiy rejimdagi faoliyatiga qaytadi.

Endilikda avtomobilda 24 soat mobaynida harakatlanish mumkin. Yangi haftadan e'tiboran viloyatlararo va tumanlararo transport qatnovlariga ruxsat beriladi.

Hududlarni «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratish to‘xtatildi. Mahalliy aviareyslar va temir yo‘l qatnovlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

15 avgustdan oilaviy tantana, to‘y, ma'raka va marosimlarni cheklangan tartibda o‘tkazish mumkin bo‘ladi. To‘ylar mavsumida to‘yxonalar yopiq qoladi, tadbirlarni uyda, ko‘pi bilan 30 kishi – faqat yaqin qarindoshlar va shu tuman hududida yashovchi boshqa qarindoshlar bilan o‘tkazish mumkin. Sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etish talab etiladi.

15 avgustdan e'tiboran quyidagi faoliyat turlariga yana ruxsat beriladi:

  • ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi restoran, kafe, oshxona, choyxonalar;
  • xususiy bog‘cha va maktablar, o‘quv markazlari;
  • go‘zallik salonlari va sartaroshxonalar;
  • muzeylar;
  • sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, xostellar, ijaraga beriladigan dala hovlilar va boshqa dam olish maskanlari.

17 avgust, dushanbadan boshlab:

  • hududlar o‘rtasida avtotransport vositalari qatnovi tiklanadi;
  • jamoat transporti (Toshkentda 15 avgustdan), shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobuslar qatnovi qayta yo‘lga qo‘yiladi;
  • masjidlar ochiladi, haftaning barcha kunlarida juma namozidan tashqari jamoat namozlarini o‘qish mumkin bo‘ladi; cherkovlar va sinagoglarda ham shanba va yakshanbadagi jamoaviy ibodatlardan tashqari boshqa diniy amallarni ado etishga ruxsat beriladi.

20 avgust, payshanbadan boshlab:

  • buyum va qurilish mahsulotlari bozorlari hamda buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar faoliyati tiklanadi, ularda haftada bir marta sanitar kuni etib belgilanadi;
  • sport zallari, fitnes klub, trenajyer va basseynlar faoliyatiga ruxsat beriladi.

Yuqoridagi muassasalarning har biri uchun pandemiya davrida faoliyat ko‘rsatish shartlari alohida belgilab qo‘yilgan.

Ta'kidlash joizki, karantin cheklovlari yumshatilishi kasallanish xavfi kamayganini anglatmaydi. Aksincha, endilikda kishining virus yuqtirib olishi ehtimoli qat'iy karantin paytidagiga qaraganda ancha yuqori.

Shu boisdan jamoat joylarida 2 metr ijtimoiy masofa saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish talabi saqlanib qoladi, niqobsiz fuqarolar jarimaga tortiladi.

Tana harorati 37 gradus va undan yuqori yoki infeksiya alomatlari bor fuqarolar jamoat joylariga chiqmasligi kerak. 65 yoshdan oshgan shaxslar «o‘zini o‘zi yakkalash» hayot tarzida yashashda davom etishi lozim.

Taksilar faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar ham amal qilishda davom etadi: yo‘lovchilar faqat orqa o‘rindiqda va avtomobil ro‘yxatdan o‘tgan hudud doirasida tashiladi; haydovchi va yo‘lovchilar o‘rindig‘i shaffof plastik yoki maxsus pleyonka bilan ajratiladi; haydovchi ham, yo‘lovchi ham tibbiy niqobda bo‘lishi shart.

Umuman, respublika miqyosida quyidagi taqiqlar saqlanib qoladi:

  • davlat organlari, tashkilotlarida yig‘ilishlar o‘tkazish;
  • tomosha, madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari, to‘yxonalar, faoliyati) va ommaviy tadbirlar o‘tkazish;
  • parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar faoliyati;
  • umumiy ovqatlanish obektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyati (ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish obektlari bundan mustasno);
  • tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyati.

7 va 14 kunlik karantin. Rossiyaga poyezd reyslari ko‘paytirilishi mumkin

Endilikda epidemiologik vaziyat yaxshi davlatlardan («yashil reyslar») kelganlar karantinga olinmaydi.

«Sariq» va «qizil» reyslarda kelganlar yo karantin markazida, yo o‘z hisobidan mehmonxonada 14 kun karantinda saqlanadi. Fuqaro o‘z xohishi bilan profilaktik dorilarni qabul qilsa, bu muddat 7 kunga qisqaradi.

O‘zbekistonga xorijdan fuqarolarning kirishi bo‘yicha toifaga ajratilgan davlatlar ro‘yxati har hafta yangilanadi. Ro‘yxatning amaldagi talqini quyidagicha:

  • «yashil» reyslar – Xitoy, Tailand, Malayziya, Janubiy Koreya, Gruziya, Vengriya, Latviya, Yaponiya;
  • «sariq» reyslar – Yevropa Ittifoqi davlatlari (Buyuk Britaniya va Ispaniya bundan mustasno), Ozarboyjon;
  • «qizil» reyslar – qolgan barcha davlatlar.

10 avgust holatiga ko‘ra, pandemiya davrida O‘zbekistonga jami 120 mingga yaqin fuqaro kirib kelgan. Ularning 40 mingdan ortig‘i charter reyslarda, 5 mingdan ortig‘i temir yo‘l orqali, 73 mingdan ziyodi qo‘shni davlatlar bilan chegara punktlari orqali kelgan.

Tashqi ishlar vazirligi Respublika maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga tezroq qaytarish uchun Rossiyaning turli hududlaridan reyslarni ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqilayotganini xabar qilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top