18:33 / 16.08.2020
7399

Rossiyalik mutaxassislar koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun O‘zbekistonga uchib ketdi

Foto: Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi

Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligining bir guruh mutaxassislari O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni baholash va zarur yordam ko‘rsatish uchun Toshkentga uchib ketdi. Bu haqda Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, Rossiya hukumati topshirig‘i bilan 16 avgust kuni Toshkentga N.Pirogov nomidagi va Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi kardiologiya milliy tibbiy-jarrohlik markazlari mutaxassislari hamda Moskva viloyati, Sankt-Peterburg va Tataristondagi tibbiyot muassasalari xodimlari uchib ketgan.
 
Ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkentga yuborilgan guruh tarkibida tajribali infeksionistlar, anesteziolog-reanimatologlar, pulmonologlar, jarrohlar, kardiologlar, nevrologlar, terapevtlar, jami 39 kishi bor. Rossiyalik mutaxassislar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan bir oy davomida ishlashlari rejalashtirilgan. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 35109 kishini, sog‘ayganlar 30664 kishini va virusdan vafot etganlar 230 kishini tashkil qilmoqda.

Top