09:22 / 17.08.2020
68909

Po‘lat Bobojonov jazoni ijro etish tizimidagi mahkumlar sonini ma'lum qildi 

Joriy yil 22 mayda Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazoni ijro etish faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Foto: O‘zA

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonovning O‘zA muxbiri bilan suhbatda aytishicha, ushbu hukumat qarori prezidentning topshirig‘i bo‘yicha, tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida qabul qilingan.

“Londonda joylashgan Qamoqxonalarni tadqiq qilish xalqaro markazi tomonidan 2019 yilda e'lon qilingan ma'lumotga ko‘ra, respublikamizda har 100 ming aholiga 150 nafar jazo o‘tayotgan shaxs to‘g‘ri kelishi, tizimda 43,9 ming nafar shaxs saqlanayotganligi ko‘rsatilib, O‘zbekiston bu borada 222 davlat ichida 105-o‘rinni egallagan”, - dedi vazir.

Po‘lat Bobojonovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, jinoyat va jinoyat-ijroiya qonunchiligining liberallashtirilishi natijasida so‘nggi o‘n yillikda jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar soni keskin qisqardi. Real holatga ko‘ra, bugungi kunda jazoni ijro etish tizimidagi mahkumlar soni 22,9 ming nafarni tashkil etib, har 100 ming aholi soniga nisbatan 67 nafar shaxs to‘g‘ri keladi.

“Ushbu ma'lumotlarning ochiqlanishi O‘zbekistonning mazkur ro‘yxatdagi ko‘rsatkichi 70 pog‘onaga yaxshilanishini ko‘rsatadi. Hozirda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufida 43 jazoni ijro etish muassasasi va 11 tergov hibsxonasi mavjud. Muassasalarning 18 tasi yopiq turdagi koloniya va 25 tasi manzil-koloniya hisoblanadi. Jazoni ijro etish tizimidagi koloniyalarning sig‘imiga nisbatan saqlanayotganlar ko‘rsatkichi 56,4 foizni tashkil qilmoqda”, - dedi IIV rahbari.

Jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish faoliyati, ishlab chiqarilayotgan tovar mahsulotlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar ham bundan buyon rasmiy saytlarda e'lon qilib boriladi. Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar orasidagi o‘lim holatlari hamda tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llaniladigan shaxslar soni to‘g‘risidagi ma'lumotlar ham endilikda maxfiy sanalmaydi.

“Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, jazoni ijro etish muassasalariga qarashli korxonalarda 100 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mehnatga layoqatli mahkumlarning 80 foizga yaqini foydali mehnatga jalb etilgan. 2019 yil va joriy yilning o‘tgan davri davomida 3 ming 559 yangi ish o‘rni yaratilib, 1 ming 352 nafar mahkum mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitildi va ularga tegishli sertifikatlar berildi”, - dedi vazir.

Qayd etilishicha, 2020 yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida shunday korxonalar tomonidan 100,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Ishlayotgan har bir mahkumga o‘rtacha 700-800 ming so‘m, ayrim mutaxassisliklar bo‘yicha esa, 1,5-2 million so‘mgacha oylik maosh berilmoqda.

Avvalroq, 2020 yilda IIV o‘z xavfsizligi xizmati fuqarolarni noqonuniy ushlab, zo‘ravonlik qilish bilan bog‘liq 5ta holatni aniqlagani xabar berilgandi.

Top