07:26 / 17.08.2020
34788

Ta'lim sifatini nazorat qilish tizimida islohot kutilyapti. Prezident farmoni loyihasi e'lon qilindi 

Ta'lim sifatini nazorat qilish tizimi takomillashtiriladi.

Prezidentning “Ta'lim sifatini nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Belgilanishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab ta'lim sifatini nazorat qilish sohasida:

ta'lim sifatini baholashning raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirilgan ichki va tashqi tizimlari joriy qilinadi;

ta'lim sifatini ichki baholash ta'lim tashkilotlari tomonidan mustaqil tarzda shaffoflik va hisobdorlik tamoyillari asosida o‘tkaziladi;

ta'lim sifatini ichki baholash mexanizmlari ta'lim tashkilotlari tomonidan xalqaro standartlarga asoslangan holda joriy qilinadi;

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, tizimida ta'lim tashkilotlari bo‘lgan vazirliklar va idoralar, ularning hududiy boshqarmalari va bo‘limlari tegishlicha ta'lim tashkilotlarida ta'lim sifatini ichki baholash jarayonini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashadi;

ta'lim sifatini tashqi baholash tekshiruvlar o‘tkazish, attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish, litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini o‘rganish, reytinglar tuzish, monitoring qilish hamda qonunchilikda belgilangan boshqa shakllarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi;

ta'lim tashkilotlari faoliyatini tekshirishning xavf-xatar tahliliga asoslangan tizimi joriy etiladi, tekshiruvlar qamrovi, davomiyligi va davriyligi ta'lim sifati yomonlashish xavf-xatari darajasiga qarab belgilanadi;

ta'lim tashkilotlarini akkreditatsiyalashning institutsional (ta'lim tashkilotining davlat akkreditatsiyasi) va maxsus (yo‘nalish, mutaxassislik, ixtisoslik, kasb va kurs bo‘yicha) shakllari joriy etiladi;

maxsus shakldagi akkreditatsiya ehtiyojga ko‘ra barcha oliy ta'lim tashkilotlari uchun majburiy bo‘lgan institutsional akkreditatsiyaga qo‘shimcha ravishda Ta'lim inspeksiyasi tomonidan ro‘yxati tasdiqlanadigan xalqaro tan olingan akkreditatsiya tashkilotlari yoki Ta'lim inspeksiyasi tomonidan o‘tkaziladi;

maktabgacha va maktabdan tashqari ta'lim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinib, uning o‘rniga xavf-xatar tahliliga asoslangan saylanma tekshiruvlar orqali ta'lim sifatini nazorat qilish mexanizmi joriy etiladi;

xalqaro reyting tashkilotlari standartlari hamda milliy reytingni aniqlash bo‘yicha xalqaro tajriba asosida milliy reyting tizimi takomillashtiriladi, ta'lim tashkilotlarining ta'lim sohalari kesimida reytingi (subject ranking) joriy etiladi hamda ularning faoliyati natijadorligini qiyoslashda benchmarking (benchmarking) vositalaridan keng foydalaniladi;

O‘zbekiston Respublikasining ta'lim sifatini xalqaro baholash (PIAAC, ICILS, ICCS, LANA va boshqa) dasturlarida ishtirokini kengaytirish orqali milliy baholash tizimi takomillashtiriladi;

Inson kapitali indeksi (Human capital index) va boshqa nufuzli global reytinglarda O‘zbekiston Respublikasining mavqeini mustahkamlash yuzasidan idoralararo hamkorlik asosida chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Oliy ta'lim tashkilotlarining ta'lim sifatini oshirish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishdagi erkinlik darajasini yanada kengaytirish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

a) oliy ta'lim tashkilotlari quyidagi ta'lim dasturlari, shu jumladan qo‘shma ta'lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash huquqiga ega:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Ta'lim inspeksiyasidan ekspertizadan o‘tkazilgan namunaviy oliy ta'lim dasturlari;

oliy ta'lim tashkilotlari tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosasiga ega bo‘lgan ta'lim dasturlari;

xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlar – Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities reytinglarining barchasida bir vaqtda birinchi 1 000 ta o‘rinni egallagan, ro‘yxati Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Ta'lim inspeksiyasi tomonidan tasdiqlanadigan oliy ta'lim tashkilotlarining akkreditatsiyalangan ta'lim dasturlari.

Belgilanishicha, tegishli ta'lim dasturi bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik, axborot va o‘quv-uslubiy bazalarga, pedagog kadrlarga, ta'lim hajmi va mazmuniga hamda boshqa talablarga rioya etilishi ularni joriy etishning asosiy sharti hisoblanadi.

b) davlat oliy ta'lim muassasalarining ta'lim faoliyatini litsenziyalash tartibi joriy qilinadi va Ta'lim inspeksiyasidan belgilangan tartibda litsenziya olgan davlat oliy ta'lim muassasalari ta'lim faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi, davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lgan amalda faoliyat yuritayotgan oliy ta'lim tashkilotlari va ularning filiallari ta'lim faoliyati attestatsiyadan o‘tkazilmagan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyalanadi;

v) davlat oliy ta'lim tashkilotlari va ularning filiallarini, shuningdek, nodavlat oliy ta'lim tashkilotlarini davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarni foydalanish huquqi asosida bergan holda yoki boshqaruv va xavf-xatarlar bilan bog‘liq javobgarlikning bir qismini davlat tomonidan kafolatlanishi orqali tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Ta'lim inspeksiyasi bilan majburiy tartibda kelishiladigan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi;

g) yangi tashkil etiladigan oliy ta'lim tashkilotlariga ular Ta'lim inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda litsenziya berilganidan hamda “Oliy ta'lim faoliyati bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar reyestri”ga kiritilganidan so‘nggina ta'lim faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsat etiladi.

Ta'lim inspeksiyasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar boshqarmalariga 2021 yil 1 yanvardan boshlab ta'lim tashkilotlarida hujjatli va sayyor tekshiruvlar o‘tkazish huquqi beriladi.

Belgilanishicha:

a) hujjatli tekshiruv ta'lim tashkiloti tomonidan taqdim etilgan hisobotlar va ma'lumotlar, shuningdek uning faoliyati to‘g‘risida Ta'lim inspeksiyasida mavjud bo‘lgan (shu jumladan, tizimida ta'lim muassasasi mavjud bo‘lgan vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari, tashkilotlar va davlat organlaridan olingan) hujjatlar hamda ma'lumotlarni tahlil qilish asosida ta'lim tashkilotiga bormasdan o‘tkaziladi;

b) tadbirkorlik sub'yekti hisoblanadigan ta'lim tashkilotlarida hujjatli tekshiruvlar o‘tkazish Ta'lim inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organni xabardor qilmasdan va uning ruxsatini olmasdan amalga oshiriladi;

v) sayyor tekshiruv ta'lim tashkilotiga tashrif buyurgan holda amalga oshiriladi va ta'lim tashkiloti tomonidan ta'lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining bajarilishi va ta'lim sifati holati tekshiriladi;

g) tadbirkorlik sub'yektlari hisoblanadigan ta'lim tashkilotlarida sayyor tekshiruvlar tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi;

d) sayyor tekshiruvlar ta'lim tashkilotidagi qonunchilik buzilishi holatlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari ma'lumotlari, boshqa axborot manbalari yoki Ta'lim inspeksiyasida mavjud bo‘lgan ma'lumotlar asosida ta'lim tashkilotlari faoliyatining xavf-tahlili natijalari asosida o‘tkaziladi;

ye) sayyor tekshiruv doirasida Ta'lim inspeksiyasining mas'ul xodimlari:

tekshirilayotgan ta'lim tashkilotining hududi yoki binosiga kirishga;

tekshirilayotgan ta'lim tashkilotining hududi va binolarini, shuningdek hujjatlar, o‘quv-uslubiy va moddiy-texnik bazani ko‘zdan kechirishga;

tekshirilayotgan ta'lim tashkilotidan tekshiruv uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni talab qilib olishga;

ekspertlar, mutaxassislar, guvohlar va xolislarni jalb etishga;

ta'lim jarayonini kuzatish va qonunchilikda belgilangan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqli.

Ta'lim inspeksiyasi ikki oy muddatda quyidagilar uchun ma'muriy javobgarlik joriy qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini kiritadi:

ta'lim sifatini ichki baholash tizimini belgilangan tartibda joriy qilmaslik;

ta'lim tashkilotlarining reytingini aniqlash, ta'lim tashkilotlari va pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish faoliyati hamda boshqa ta'lim-tarbiya jarayoni bilan bog‘liq noto‘g‘ri ma'lumotlar taqdim etish yoki taqdim etishni asossiz rad etish;

ko‘rsatilayotgan ta'lim xizmatlarining belgilangan davlat talablari va standartlariga nomuvofiqligi, ta'lim dasturlarini to‘liq hajmda bajarmaslik yoki davlat ta'lim standartlarini (talablarini) boshqacha tarzda buzish;

yakuniy davlat attestatsiyasi, olimpiadalar va tanlovlar natijalarini buzib ko‘rsatish, yakuniy davlat attestatsiyasi, olimpiadalar va tanlovlarni o‘tkazishning belgilangan tartibini buzish;

belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tmagan yoki akkreditatsiyasi to‘xtatilgan ta'lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar, ixtisosliklar, kasblar va kurslar bo‘yicha ta'lim berish, belgilangan muddatda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tmasdan faoliyat yuritish;

ta'lim tashkilotlariga ta'lim oluvchilarni o‘qishga qabul qilish, o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash, o‘qishdan chetlashtirish va akademik ta'til berish tartibini buzish;

xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish, ta'lim tashkilotlari, rahbar va pedagog kadrlar attestatsiyasi, ta'lim tashkilotlari reytingini aniqlash jarayonlarida o‘tkaziladigan sinovlarni topshirish tartibini buzish.

Belgilanishicha, Ta'lim inspeksiyasi hamda uning hududiy boshqarmalari o‘zlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarga muvofiq belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:

ta'lim to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar tashkilotlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;

davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga fuqarolarning ta'lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish.

Ta'lim inspeksiyasi ikki oy muddatda Ta'lim inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalarini ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq sudlarga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan da'volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilish yuzasidan qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida taklif kiritadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

ta'lim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan yoki akkreditatsiyasi to‘xtatilgan ta'lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari, ixtisosliklar, kasblar va kurslarga qabul parametrlarini shakllantirish taqiqlanadi;

maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta'lim tashkilotlari pedagog kadrlarini (keyingi o‘rinlarda – pedagog kadrlar) attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifasi (lavozim) berish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish hamda pedagog kadrlarning attestatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikatlarni taqdim etish davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi;

pedagog kadrlarga ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifasi, katta, yetakchi va bosh o‘qituvchi lavozimi berish, shuningdek mazkur malaka toifalariga (lavozimlarga) talabgorlarga tegishli malaka toifasi (lavozim) berish bo‘yicha attestatsiya pedagog kadrlar faoliyatining samaradorligi aks ettirilgan portfoliosini baholash hamda oliy ma'lumot to‘g‘risidagi yoki qayta tayyorlash kurslaridan o‘tganligi haqidagi diplomida ko‘rsatilgan tayyorlov, ta'lim yo‘nalishlari, mutaxassislik yoki ixtisosliklariga mos keladigan fanlardan nazorat sinovidan iborat soddalashtirilgan tarzda o‘tkaziladi;

pedagog kadrlarga ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifasi, katta, yetakchi va bosh o‘qituvchi lavozimi berish, shuningdek mazkur malaka toifalariga va lavozimlarga talabgorlarga tegishli malaka toifasi (lavozim) berish bo‘yicha navbatdagi attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun yig‘im undirilmaydi, navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Ta'lim inspeksiyasining budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Uzluksiz ta'lim” axborot tizimini joriy etish va uni 2021 yil 1 sentyabrga qadar ishga tushirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

Quyidagilar “Uzluksiz ta'lim” axborot tizimining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

manfaatdor vazirliklar va idoralar hamda ularning hududiy bo‘linmalari bilan hamkorlik qilgan holda, ta'lim oluvchilar bilimlarini o‘rganib borish, pedagog kadrlar sifati monitoringi, ta'lim sifatini ichki va tashqi baholash, shuningdek nazorat tekshiruvlari natijalari hamda ta'lim sifatiga ta'sir etuvchi boshqa omillardan iborat ma'lumotlarni axborot tizimiga kiritish;

Ta'lim inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tekshiruvlarini va ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni qayd etish, ularni bartaraf etish bo‘yicha ma'lumotlar bazalarini shakllantirish;

litsenziyalangan va akkreditatsiyalangan ta'lim tashkilotlari yagona elektron reyestrini yuritish;

ta'lim tashkilotida sifatli ta'lim olish imkoniyatlari to‘g‘risidagi eng so‘nggi ma'lumotlarni doimiy joylashtirish va keng omma uchun ochiq ma'lumotlar sifatida foydalanish imkoniyatini yaratish;

ta'lim oluvchilar, ularning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari, ish beruvchilar va aholining boshqa qatlamlari o‘rtasida ta'lim tashkilotlarida ta'lim sifati darajasi yuzasidan onlayn so‘rovlar o‘tkazish va ularning natijalarini belgilangan tartibda e'lon qilish.

Ta'lim inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda tizimida ta'lim tashkilotlari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Uzluksiz ta'lim” axborot tizimini mazkur vazirliklarning ta'limni boshqarish axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta'minlaydi.

Top