14:28 / 18.08.2020
71601

Mushtariydan maktub: 30 kishilik to‘ylar kimlar uchun?

Tahririyatimizga kelgan navbatdagi xatda urf-odatlarimizga oid, hozirgi vaziyatda tug‘ilgan ancha jiddiy muammoga e'tibor qaratiladi.

«Hurmatli Kun.uz tahririyati!

Sizlarga bugungi kunda ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan bir masala haqida yozishga jazm qildim. Ma'lumki 15 avgustdan boshlab karantin cheklovlari uzoq kutishlardan so‘ng yumshatila boshlandi va yana 30 kishilik to‘ylarga ruxsat berildi. Xalqimiz mehmondo‘st, to‘yni yaxshi ko‘radi.

Karantinning salbiy jihatlari haqida ko‘p gapiriladi. Lekin uning ikkita ijobiy tomoni ham bo‘ldi – biri gigiyenaga rioya qilishni o‘rgangan bo‘lsak, ikkinchisi to‘ylardagi isrofgarchiliklarni jilovlashga odatlana boshladik.

Ammo shu o‘rinda bir andishali holat kuzatilmoqda. Kamchiqim, samimiy o‘tayotgan bunday to‘ylarimizda g‘alati vaziyat yuzaga kelyapti. O‘zbekning qarindosh-urug‘i ko‘p, lekin vaziyatdan kelib chiqib eng yaqinlari to‘yga taklif qilinadi. Zero bu haqda karantin bo‘yicha maxsus talablarda ham alohida ko‘rsatilgan.

Biroq bu vaziyatni ko‘pchilik yoshlar, xususan kuyovjo‘ralar va kelinning dugonalari tushunishmayapti. To‘y boshlanishi hamon hammalari harakatga tushib qolishadi, kelin-kuyov ham o‘zlarining o‘rtoqlarini taklif qilishga tushib ketishadi va juda ko‘pchilikni to‘plab olishadi. Oddiy arifmetikaga amal qilaylik – oldingi to‘ylar o‘rtacha 400-500 kishilik bo‘lardi, hozir esa 30 kishilik. Demak mehmonlar soni o‘rta hisobda 15 marta kamaymoqda. Lekin oldin 30-40 kishi qatnashgan yoshlar soni shunga mutanosib ravishda kamaydimi?

Hamon kamida 15-20 nafar yoshlar mehmon bo‘lib kelishyapti. Albatta, to‘yga yoshlar kelishi kerak, bunga shubha yo‘q. Lekin ota-onalarning ham o‘ziga yarasha eng yaqin qarindoshlari, aka-uka, opa-singillari, yoshi keksa ota-onalari, amma-xolalari bor.

Qizig‘i, ular o‘zlarini to‘y egalari hisoblab o‘tirishga shoshilmay turgan paytlarida yoshlar hamma joyni egallab olishyapti. Ularni taklif etmaslikni ham, turg‘azib yuborishni ham bilmaysan kishi. Yoshi kattalar esa tik turib qolishyapti yoki eshik yonidan qaytib ketishyapti. Ahvol shu darajaga bordiki, kuyov va otasi orasida to‘yning o‘rtasida ziddiyat tug‘ilyapti.

Axir bu borada jiddiy tushuntirish kerak emasmi? Yoshlar ittifoqi, Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi, umuman, farzandi to‘yga otlangan ota-onalar bu masalani yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak bo‘lgan payt keldi shekilli.

Hammani to‘ylarga yetkazsin», – deyiladi maktubda.

Chindan ham o‘ylab ko‘rsa, yaxshilab muhokama qilsa arziydigan masala. Chunki katta ehtimol bilan endi cheklovlardagi to‘ylar hali uzoq davom etadi. Hattoki 30 kishilik cheklovni doimiy qilish haqida ham takliflar bildirilmoqda. Shunday ekan, bu borada ma'lum tartibga tushib olish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Top