02:16 / 20.08.2020
14923

Koronavirus hujayrani zararlashi mexanizmi aniqlandi

SARS-CoV-2 virusining mashhur «tojlari» yoki nayzalari egilish xususiyatiga ega ekani ma'lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, aynan ular orqali virus hujayraga yopishadi. Antitanachalardan esa virusni polisaxarid qoplam himoya qiladi.

Foto: Bloomberg

Germaniyaning Geydelberg shahridagi Yevropa molekulyar biologiya laboratoriyasining nemis olimlari, Maks Plank va Paul Erlix institutlari tadqiqotchilari COVID-19 kasalligini chaqiruvchi SARS-CoV-2 virusini krioelektron tomografiya yordamida batafsil o‘rgandi.

Olimlarning tadqiqot natijasi Science jurnalida chop etildi, deb xabar beradi RBK.

Olimlar o‘ta past haroratni qo‘llab, qotirilgan massani elektron mikroskop ostida tekshirdi. Ular asosan koronavirus, ya'ni tojdor virusga shu nomni bergan tojlar xususiyatlarini o‘rgandilar va ularning oldin o‘ylanganidek qattiq nayza shaklida emas, egiluvchan ekanini aniqladilar.

Ma'lum bo‘lishicha, har bir virus tanasida taxminan 40 dona ana shunday nayzalar bo‘ladi va ular yordamida virus hujayra devoriga yopishib, uni zararlaydi. Shu tarzda nayzalar ikki vazifani bajaradilar – hujayra retseptorlariga ulanib olish va keyinchalik membranalar bilan qo‘shilib, hujayra ichiga kirish.

O‘ziga xos oqsillardan iborat bu nayzalar polisaxarid molekulalari bilan qoplangani ularga antitanachalardan samarali himoyalanish imkonini beradi. Olimlarning fikricha, aynan ana shu nayzalarni tadqiq qilish koronavirusga qarshi kurash, xususan vaksina ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top