12:36 / 20.08.2020
8355

Shtab a'zosi tez-tez rentgen yoki MSKT tekshiruvidan o‘tish sog‘liqqa zararligidan ogohlantirdi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova ba'zi davlatlar ko‘chada niqob taqishni olib tashlagani, nima uchun bizda niqob taqish shartligi to‘g‘risidagi savolga javob berdi.

«Niqoblar infeksiya yuqishidan 100 foiz himoyalay olmaydi. Biroq koronavirus infeksiyasi tashuvchisi niqobdan foydalanganida, uning virusni boshqa odamga yuqtirish ehtimoli bir necha martaga kamayadi. Shuning uchun niqoblar mabodo siz simptomsiz, koronavirus infeksiyasining tashuvchisi bo‘lsangiz hamda o‘zingiz bundan bexabar bo‘lsangiz, virusni boshqalarga yuqtirish ehtimolini keskin kamaytirish uchun kerak.

Avvalo, ta'kidlash lozimki, ba'zi davlatlarda niqob taqish butunlay bekor qilingani yo‘q. Transportda, bozorlar, do‘konlar va boshqa aholi to‘planadigan joylarda niqob taqish talabi saqlanib qolgan, faqatgina ko‘chada yurganda ijtimoiy masofa saqlagan holda niqobsiz yurish mumkin.

Har bir davlat kasallik profilaktikasiga qaratilgan o‘zining tartibini belgilaydi va amalga oshiradi. Bizda epidemiologik vaziyat barqarorlashmaguncha niqob taqish shart», dedi Barno Abdusamatova AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda.

Murojaatlardan birida fuqaro virusli pnevmoniya bilan kasallangani, shifoxonadan chiqib ketayotganida ham o‘pkasida o‘zgarish bo‘lgani, 6 kundan keyin MSKTga tushgani, hali ham o‘zgarish borligini aytib, kasallikdan keyin o‘pka qanchada tiklanishi haqida so‘ragan.

«Ko‘plab bemorlarda shunday holat kuzatilyaptiki, statsionarda davolanib chiqqandan atigi 1 hafta o‘tgach, darrov o‘pkani rentgen yoki MSKT qildirishyapti. Tekshiruvdan o‘tgach, o‘zgarish bo‘lmagani haqida shikoyat qilib shifokorga murojaat kelishyapti. Aslida, pnevmoniya ilk aniqlangan davrda o‘pkada jarayon qanday kechayotganini bilish uchun MSKT yoki rentgen tekshiruvidan o‘tiladi. Shundan so‘ng 25-30 kundan keyingina bu tekshiruvlardan yana o‘tish mumkin. Shunda o‘pkada asorat qolgani yoki qolmaganini bilish mumkin bo‘ladi. 

Rentgen yoki MSKT tekshiruviga faqat shifokor tavsiyasi asosida tushishingiz lozim. Tez-tez rentgen yoki MSKT tekshiruvidan o‘tish sog‘liqqa ham zarar hisoblanadi.

Shu sababli kasallikdan so‘ng organizm o‘zini tiklashiga vaqt berish kerak. Dispanserizatsiya davomida kerak bo‘lsa, shifokor o‘zi sizga rentgen yoki MSKT tekshiruvidan o‘tishni tavsiya etadi», dedi shtab a'zosi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top