19:46 / 21.08.2020
31548

«Isiriqning ustidan kulish emas, samarali jihatlaridan ko‘proq foydalanish kerak» - Baxtiyor Rasulov

Pandemiya boshlanganidan buyon, ayniqsa so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda isiriq haqida bahs-munozaralar ko‘payib ketdi. Qo‘qon shahrida yuk mashinasi bortidan turib isiriq tutatganlar bu mavzuni yana diqqat markaziga olib chiqishdi.

Isiriq chindan ham yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda besamar vositami? Bugungi pandemiya sharoitida undan foydalanish mumkinmi?

Shu kabi savollarga javob olish uchun biologiya fanlari doktori, O‘zRFA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti Mikroorganizmlar biotexnologiyasi laboratoriyasi mudiri Baxtiyor Rasulov bilan qisqa suhbat qurdik.

– Baxtiyor aka, dastlab ko‘p ming yillik tarixga ega, bugun bahslarga sabab bo‘layotgan bu o‘simlik haqida umumiy ma'lumotlar bersangiz.

– Chindan ham ijtimoiy tarmoqlarda isiriq qo‘llanilayotganiga nisbatan har xil fikr-mulohazalar ko‘paydi. Avvalo, shuni aytish lozimki, isiriq chindan ham shifobaxsh xususiyatga ega dorivor o‘simlik hisoblanadi. U ko‘plab birikmalar, ayniqsa, alkaloidlarga boy.

O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi institutida dunyoda ilk bor isiriq alkaloidlarini ajratish, fizik-kimyoviy va farmakologik xususiyatlarini tadqiq etish ishlari o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlangan bo‘lib, bu borada katta maktab yaratilgan. Hozirda ham isiriq tarkibidagi moddalarni tadqiq etish borasida ishlar davom etmoqda. Jumladan, isiriqdan olingan alkaloidlar ekstraktining grippning oldini olish borasidagi fundamental tadqiqotlar e'lon qilingan.

– Isiriqning patogen mikroorganizmlarga ta'siri ilmiy jihatdan isbotini topganmi?

– Albatta. Yuqorida O‘zbekistonda o‘tkazilgan tadqiqotlar to‘g‘risida aytdim, ammo dunyoning qator ilmiy markazlarida ham bu borada o‘rganishlar olib borilgan. Isiriq alkaloidlarining gripp qo‘zg‘atuvchi viruslar RNK replikatsiyasini to‘xtatishi, virus polimeraza faolligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi aniqlangan.

E'tiborlisi, koronavirus ham gripp virusi singari RNK saqlovchi hisoblanadi. Bundan tashqari, isiriq tarkibidagi alkaloidlarning shishlarga qarshi samarali vosita ekani isbotlangan.

Shuningdek, isiriq alkaloidlarining zararli mikroorganizmlarning rivojlanishini to‘xtatishi ma'lum qilingan.

Isiriq tutatilganda ayrim birikmalar ajralishi va havodagi zararli mikroorganizmlarga ta'sir qilishi ham isbotlangan. Isiriq tutatilganda α-pinen, limonen va stirenlar ajraladi va bu birikmalar mikroorganizmlarni dezinfeksiya qilish xususiyatiga ega.

Albatta, Qo‘qon shahridagi singari yuk mashinasi bortidan turib isiriq tutatish kulgili tuyilishi va samarasiz bo‘lishi mumkin. Ammo ilmiy tomondan olib qaralganda, profilaktika nuqtayi nazardan isiriq tutatib havoni dezinfeksiya qilishning hech qanday salbiy jihati yo‘q, foydali tomonlari esa bisyor.

Qolaversa, isiriq tutatilgan xonada ayniqsa bizning hudud aholisiga manzur bo‘ladigan, o‘ziga xos va yoqimli aura ham hosil bo‘ladi. Bundan tashqari, isiriq boshqa vositalarga qaraganda arzon ham turadi.

Xulosa qilish mumkinki, isiriq ustidan kulish emas, uning foydali jihatlarini ko‘proq o‘rganishimiz kerak.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzu
COVID-19: Foydali ma’lumotlar
COVID-19 profilaktikasi, simptomlari, davo choralari va mutaxassislar tavsiyalari
Barchasi
Mavzuga oid
Top