19:05 / 21.08.2020
38774

Qizil, sariq, yashil dori: bulg‘or qalampirining foydalari

Rang-barangligi bilan ko‘zni quvontiruvchi bulg‘or qalampiri salat-u taomlarni bezamagan xonadon topilmasa kerak. Mazkur sabzavot nafaqat chiroyli rangi va xush ta'mi, balki foydasi bilan ham e'tiborga molik.

Foto: Getty Images

Foydali xususiyatlari:

  • Bulg‘or qalampiri qon tomirlarini mustahkamlaydi, ortiqcha xolesterinni yo‘qotadi.
  • S vitaminiga boyligi nuqtai nazaridan sabzavotlar orasida yetakchi hisoblanadi. Ayniqsa, sabzavotning qalpoqchasi atrofida bu vitamin juda serob.
  • S vitamini (askorbin kislota) hujayralarni yoshartiradi, kapillyar tomirlarni mustahkamlaydi, tromboz ehtimolini kamaytiradi. 
  • Mahsulot tarkibidagi V, RR i A vitaminlari umumiy immunitetni yaxshilaydi. Ular organizmdagi erkin radikallarni neytrallashtiradi, bu esa onkologik kasalliklar profilaktikasida muhimdir.
  • Sabzavot tarkibida noyob modda – likopin bo‘lib, u yurak kasalliklaridan himoyalaydi, xavfli o‘smalarning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.
  • Bulg‘or qalampiri ichki organlarni tromblardan, patologik o‘zgarishlardan himoyalaydi. Shu bois surunkali kasalligi borlarga tavsiya etiladi.
  • Bulg‘or qalampirining mag‘zi bilan milklarni ishqalash ularning qonashini to‘xtatadi, og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarini davolaydi.
  • Bulg‘or qalampiri 90 foiz suvdan iborat bo‘lgani bois parhezbop sanaladi. 100 gramm mahsulot 27 kilokaloriya saqlaydi. 
  • Bulg‘or qalampiri ovqat hazm qilish tizimiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Ovyatlanishdan avval bir dona bulg‘or qalampirini o‘z holicha iste'mol qilish ovqatning tez va yengil hazm bo‘lishiga yordam beradi.
  • Teri, soch va tirnoqlar salomatligida ham ijobiy rol o‘ynaydi.

Bulg‘or qalampiri va ayollar salomatligi

Bulg‘or qalampiri ayollar salomatligida beminnat yordamchidir. Homiladorlik davrida sabzavotni pishirilmagan holatda kunlik ravishda iste'mol qilish homila rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Kaliy, magniy, fosfor, mis, natriy, rux, marganets, selen moddalariga bo‘lgan kunlik ehtiyojni qondiradi.

Faqat homiladorlikda bulg‘or qalampiri iste'molida me'yorni unutmaslik lozim. Sabzavotni ortiqcha tanovul qilish ko‘ngil aynishi, kekirishga olib keladi. Sog‘lom odam uchun bulg‘or qalampirining kunlik me'yori – 1 dona.

Uning siqib chiqarilgan suvidan yuz uchun kosmetik niqob sifatida foydalanish mumkin.

Ranglar jilosi

Bulg‘or qalampirining rang-barangligi ko‘zni quvnatadi: qizil, yashil, sariq. Sabzavot rangidan kelib chiqqan holda tarkibi ham o‘zgarib boradi.

Yashil bulg‘or qalampiri

Foydasi: xlorogen kislotaga boy bo‘lib, kanserogen (saraton to‘qimalarini rivojlantiruvchi) moddalar zararini kesadi. Qon tomirlarida xolesterin tiqinlari paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Zarari: tezda ochlik hissini chaqirishi mumkin, shu bois parhez tutayotgan kishilarga ko‘p miqdorda tavsiya qilinmaydi.

Qizil bulg‘or qalampiri

Foydasi: likopin moddasi va S vitaminiga boyligi nuqtai nazaridan turdoshlarini ortda qoldiradi. 100 gramm mahsulot S vitaminiga bo‘lgan kunlik ehtiyojni 4 hissa qondiradi.

Zarari: allergiyasi bo‘lgan, terisida toshmalar kuzatilgan, organizmda askorbin kislotaning oshib ketishiga nisbatan qarshi ko‘rsatmalar bo‘lgan insonlarga tavsiya etilmaydi.

Sariq bulg‘or qalampiri

Foydasi: boshqa turdoshlariga qaraganda kaliyga boyroq sanaladi. Bu yurak-qon tomir va asab tizimi salomatligi uchun zarur modda hisoblanadi. Uyqusizlikni yengadi, xotirani mustahkamlaydi.

Zarari: allergiya chaqirishi mumkin.

Qaysi holatlarda mumkin emas?

  • Allergik reaksiyalar;
  • Gipervitaminoz;
  • Giperta'sirchanlik;
  • Tromboflebit.

Oshqozon-ichak shilliq qavatini ta'sirlantirishi mumkinligi bois bu borada muammosi bo‘lganlar bulg‘or qalampiri iste'molida ehtiyot bo‘lishi kerak. U qon bosimini tushiradi, shu sababli surunkali ravishda past bosim bilan yuradiganlarga tavsiya qilinmaydi. Surunkali jigar va buyrak kasalliklari bo‘lganlar ham bulg‘or qalampiri iste'molida ehtiyot bo‘lishlari kerak.

Bulg‘or qalampirini pishirmagan holatda iste'mol qilish maqsadga muvofiq. Shunda uning tarkibidagi foydali moddalar butunligi saqlanadi. Termik ishlov berilgandan so‘ng mahsulotning foydasi 70 foizga kamayadi.

Ammo sabzavotni sarxil holatda topish qiyin bo‘lgan sovuq mavsum uchun konservalangan varianti ham maqsadga muvofiq.

Urug‘i ham foydali

Bulg‘or qalampirining urug‘i ham foydaga boy. Urug‘ini qalpoqchasidan ajratib olib, quritib, hovonchada tuyib taomlarga ziravor sifatida qo‘shish mumkin.

Top