19:38 / 22.08.2020
58767

O‘zbekiston Rossiya bilan temir yo‘l qatnovini tiklamoqchi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov «Rossiya temir yo‘llari» kompaniyasi rahbari Oleg Belozyorov bilan temir yo‘l sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

Foto: KUN.UZ

Qayd etilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi barqaror o‘sib bormoqda. 2019 yilda o‘sish hajmi 4 foizni tashkil etib, 7 mln tonna yuk tashilgan. Joriy yilda ham o‘sish sur'ati davom etmoqda. 2020 yilning 7 oyida o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda yuk tashish hajmi 4,5 mln tonnani tashkil qilgan. Shunga qaramay tomonlar hamkorlik salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotganini ta'kidlashgan.

Muhokama chog‘ida «Rossiya temir yo‘llari» OAJ koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish masalalarida ham hamkorlik qilib kelayotgani, jumladan, iyul va avgust oylarida «O‘zbekiston temir yo‘llar» kompaniyasi bilan birgalikda 5 ming o‘zbekistonlikning vatanga qaytarilishini ta'minlangani e'tirof etilgan.

«Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan doimiy aloqadamiz va yo‘lovchilarni tashish bilan bog‘liq barcha masalalarni birinchi navbatda hal qilyapmiz. Doimiy qatnovlarning tiklanishiga kelsak, biz Rossiya transport vazirligini o‘zbek tomonining taklifi haqida xabardor qildik. Yaqin vaqt ichida bu masala ko‘rib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi», – deb aytgan Oleg Belozyorov.

Eslatib o‘tamiz, koronavirusga chalingan ilk bemor ro‘yxatga olinishi ortidan O‘zbekistondan 16 martdan boshlab jahonning barcha mamlakatlari bilan avia va avtomobil qatnovlari to‘xtatilgan, shu bilan birgalikda, Rossiya va boshqa davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston poyezdlarining qaytib kelishi uchun temir yo‘l orqali yo‘lovchi tashishga uch kun davomida ruxsat berilgan edi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» 23 mart kuni respublika bo‘ylab yo‘lovchi tashish faoliyatini to‘xtatgandi.

18 may kunidan Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yildi.

15 iyundan «sariq» va «yashil» hududlari o‘rtasida poyezdlar qatnovi qayta tiklandi, Toshkentdan Samarqandga «Afrosiyob» poyezdi qatnay boshladi.

Keyinchalik mamlakatda epidemiologik vaziyat yomonlash mamlakat ichkarisida poyezdlar qatnovi bekor qilingan, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 20 avgustdan O‘zbekistonning ayrim hududlari o‘rtasida poyezdlar qatnovi qayta tiklana boshladi.

Top