19:20 / 23.08.2020
8904

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh Buxorodagi tabiiy gaz konlarida bo‘ldi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va ishchi guruh a’zolari Buxoro viloyatidagi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Uchqir» majmuasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

«Uchqir» komleksidagi qurilish maydonlarida bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari, uglevodorodlar qazib chiqarish prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi, tabiiy gaz qazib chiqarish va yetkazib berish tizimidagi muammoli masalalar o‘rganildi.

Boshqaruv raisi tomonidan mas’ullarga siquv kompressor stansiyasining qurilish montaj ishlarini jadallashtirish va tezroq yakunlash, jihozlarni keltirish bo‘yicha topshiriqlar berildi

Shuningdek, ishchi guruh a’zolari tomonidan «Uchqir siquv kompressor stansiyasi» va «Uchqir gazdan propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasi»da bajarilayotgan keng ko‘lamli ishlarning qurilish va montaj ishlari jarayonidagi muammoli masalalar aniqlandi.

Mavjud muammolarning yechimi yuzasidan mutaxassislar, quruvchilar, kon ustalari va geologlar bilan muhokamalar o‘tkazildi hamda tegishli vazifalar belgilab olindi. 

Bundan tashqari, «Uchqir gazni oltingugurtdan tozalash» kompleksidagi qurilmalarning qurilish ishlari holati ham o‘rganildi.

Pudratchi korxona rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi va «Uchqir siquv kompressor stansiyasi»ni belgilangan muddatda ishga tushirish, belgilangan me’yorlar asosida ishlatish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Qazib chiqarish hajmini oshirish yuzasidan qo‘shimcha tadbirlarni ishlab chiqish, tabiiy gaz sifat ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash maqsadida zamonaviy qurilma va uskunalardan foydalanish darajasini oshirish belgilandi. 

Joylardagi quduqlarni burg‘ilash va ta’mirlash ishlarini tezlashtirish, ularni muddatidan avval tugatib ishga tushirish uchun moddiy tovar boyliklarini yetkazib kelishdagi muammolar bartaraf etilishi kerakligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qurilmalarni qurib ishga tushirish bilan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida kunlik 2 mln kubometr tabiiy gaz, 219 tonna suyultirilgan gaz va 102 tonna gaz kondensati ko‘paytirishga va «O‘ztransgaz» magistral gaz quvurlariga uzatilayotgan tabiiy gaz sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga erishiladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top